An’anaviy o‘zbek musiqa san’ati mashhur ijrochilarining ovozlari mum gardishlarda  saqlanishini bilasizmi?

An’anaviy o‘zbek musiqa san’ati mashhur ijrochilarining ovozlari mum gardishlarda  saqlanishini bilasizmi?

O‘zbek xalqining boyligi va betakror milliy o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi madaniy merosi anchadan beri turli mamlakatlarda madaniyat yo‘nalishidagi turli tashkilotlarni qiziqtirib kelayotgani hech kimga sir emas.

Yirik muzeylar va kutubxonalar, fonogramma arxivlari, ilmiy institutlar qariyb ikki yuz yil davomida O‘zbekiston musiqa madaniyatiga tegishli moddiy va nomoddiy osori atiqalar bilan o‘z to‘plamlarini to‘ldirib kelishmoqda. Musiqa asboblari va Sharq xalqlari tillarida bitilgan musiqa haqidagi eski qo‘lyozmalar, XIX – XX asrlarda fonograf yordamida yaratilgan an’anaviy musiqiy ovoz yozuvlari – bularning barchasi kishida katta qiziqish uyg‘otadi.

Masalan, o‘zbek an’anaviy musiqasi namunalari tushirilgan mum gardishlar Berlin Fonogramma arxivida (Das Berliner Phonogramm Archiv) saqlanadi. Ular orasida Turkistonda mashhur olim Albert fon LeKok tomonidan 1904 yilda (56 ta gardish), Rixard Karuts tomonidan 1905 yilda (16 gardish) yaratilgan audioyozuvlar kiritilgan. 1926 yilda Georg Shyunemann o‘sha paytlarda Berlinda bo‘lgan o‘zbeklarning musiqiy yozuvlarini yaratgan (14 silindr). Bu yozuv materiallari shu paytgacha o‘rganilmay kelinmoqda.

O‘zbekistonning mashhur an’anaviy musiqa ijrochilari – toshkentlik Mulla To‘ychi Toshmuhamedov (To‘ychi hofiz,1868 – 1943), buxorolik xonanda Levichi (Levi Boboxon, 1873 – 1926) va boshqalarning ko‘plab qimmatli ovozli yozuvlari Londonda joylashgan ovoz yozish kompaniyalari tomonidan yozib olingan. Shu tariqa, 1909 yilda grammofon kompaniyasining O‘rta Osiyo va Kavkazga tashrifi davomida 48 ta musiqa namunasi yozib olingan. Ularning barchasi Britaniya kutubxonasi Milliy ovoz arxivi xalqaro musiqiy kolleksiyasi (The International Music Collection of the British Library National Sound Archive) da saqlanadi.

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining “O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida” (VI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.
 

An’anaviy o‘zbek musiqa san’ati mashhur ijrochilarining ovozlari mum gardishlarda  saqlanishini bilasizmi?