So‘zanalar u vaqtlarda kelinning oila a’zolari tomonidan uning sepining bir qismi sifatida tayyorlangan. Bundan tashqari so’zanalar devorpo‘sh yoki choyshab sifatida odamlarga xizmat qilgan. Qolaversa, so‘zanalarni iqtisodiy manba sifatida ham ko‘rish mumkin, chunki XX asrning boshidan buyon ko‘plab oilalar o‘zlarining eng yaxshi kashtalarini sotishni yoki ularni sotish uchun tayyorlashni maxsus boshlab yuborishgan. So‘zananing asosi uchun ko‘proq paxta matosidan, kashtasi uchun ipakdan foydalanilgan. Bezak berishda islimiy naqshlar ko‘proq ishlatilgan.
Har bir shahar yoki qishloqning so‘zanasi bezagi va rangining o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ushbu san’at turining eng mashhur markazlari sifatida Shahrisabz, Nurota, Buxoro, Samarqand, Urgut, Toshkent shaharlari hamda Farg‘ona vodiysi shaharlarini keltirish mumkin.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” kitob-albomida (XXXII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

