Amir Temur hukmronligi davrida ilk qurilgan bino qaysi me’moriy yodgorlik hisoblanadi?

Amir Temur hukmronligi davrida ilk qurilgan bino qaysi me’moriy yodgorlik hisoblanadi?

Shodi Mulk Oqo maqbarasi 773 [1371 – 1372] yili qurilgan. U temuriylar davrining durdona inshoot laridan biri. Bu maqbara Shohi Zindadagina emas, balki butun Samarqandda Amir Temur zamonida shu tipda qurilgan birinchi inshoot hisoblanadi.

Maqbarani Amir Temurning opasi Turkon Oqo vafot etgan qizi O‘ljay Shodi Mulk Oqo uchun qurdirgan, o‘zi ham 1383 yili shu yerga dafn etilgan.
 

Gʻishtdan terilgan oddiy uchta sirtqi fasad va qirrali gumbaz hech bir jihatdan kishi diqqatini tortmaydi. Ammo ularning fonidagi feruzali peshtoq nihoyatda ajralib turadi. Chamasi, me’morlarning butun e’tibori peshtoq va bino ichkarisini bezatishga qaratilgan.
 

Peshtoq mayda chizgilarigacha nafis qilib, qunt bilan ishlangan. Qirrali ustunlarga mayda nafis o‘yma naqsh solingan va go‘yo u lolasimon murakkab shaklli kursiga o‘rnatilgan. Ravoq nafis o‘ymakor ustunchalarga o‘rnatilgan, uning yon devorlariga ajoyib o‘yma pannolar qilingan. Bu bezaklarning hammasi silliq o‘yma sopol bloklardan ishlangan. Pannolarning hoshiyalaridagi yozuvli «belbog‘» va peshtoq toqi ustida o‘ziga xos yirik tok novdasi aks ettirilgan naqshlar solingan ravoq bor. Bino bezagida koshinga ko‘proq o‘rin ajratilgan. Devorlarning paneldan baland qismi koshin bilan qoplangan.
 

Gumbaz sopol koshinlar bilan bezatilgan. Chirmovlar gumbazni sakkiz bo‘limga ajratib, eng tepasida sakkiz qirrali yulduz shaklini hosil qiladi. Maqbara Shohi Zindaning durdonalaridan biri hisoblanadi. Uni ustalardan Shamsiddin bilan Birriddin (nomlari muqarnaslarning tekis plitasiga yozilgan) va Tabriz (Eron Ozarboyjoni)dan kelgan usta Zayniddin Shamsi Tabriz birgalashib qurgan.

Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.
 

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.

Amir Temur hukmronligi davrida ilk qurilgan bino qaysi me’moriy yodgorlik hisoblanadi?
Amir Temur hukmronligi davrida ilk qurilgan bino qaysi me’moriy yodgorlik hisoblanadi?