U 1318 yilda Buxoro yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida, naqshlarni matoga chizish bilan shug‘ullanadigan naqqosh hunarmandlar oilasida dunyoga kelgan. U ulg‘ayib voyaga yetgach, otasining hunarini davom ettirgan va shuning uchun uning nomiga ushbu laqab qo‘shilgan. Naqshbandiya deb atalgan tasavvuf taʼlimoti juda keng tarqalgan bo‘lib, XX asr boshlarigacha Movarounnahr, Xuroson va Xorazm aholisining maʼnaviy hayotida muhim o‘rin tutgan. Naqshbandiya tariqatining asosiy talablari Islom eʼtiqodi doirasida shakllangan, aqidaga ko‘ra ularning vazifalari payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) va uning sahobalariga so‘zsiz ergashishdan iborat bo‘lgan.
Bahouddin Naqshband taʼlimotining asosida mehnat va ibodat orqali maʼnaviy kamolotga erishish g‘oyasi yotadi. Bahouddinning «Diling Allohda, qo‘ling mehnatda (bo‘lsin)», degan so‘zlari bu tariqatning o‘ziga xos shioriga aylandi va nafaqat feodal jamiyatning yuqori tabaqalari orasida, balki hunarmandlar o‘rtasida ham keng yoyilgan. Ular ozroq rizq bilan qanoatlanishga, moddiy neʼmatlarga bog‘lanib qolmaslikka, taʼlim olishga intilishga, barcha fikr va amallarni Alloh roziligi uchun bajarishga chorlagan.
Endi sarlavhadagi savolga kelsak, naqshbandiya taʼlimoti vakillari boylikni inkor qilishmagan, lekin ular boylikni bu dunyoni yaxshilash uchun beriladi, deb hisoblashgan. Chunki ularning fikricha, boy kishilar yaxshilik qilish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladilar. Ko‘pgina so‘fiylar boy bo‘lib, davlat xizmatida yuqori lavozimlarni ham egallaganlar, turli xil mulklarga – yerlarga, vaqflarga egalik qilganlar. Lekin boyliklarini xayr-ehson, jamiyat manfaati yo‘liga sarflaganlar. Bu davrda gullab-yashnagan tasavvuf adabiyotining o‘ziga xos tomoni uning axloqiy va ibratli jihatlari bilan bog‘liq bo‘lib, jamiyatni to‘g‘ri yashash uchun tavsiya etilgan yuksak odob va axloq meʼyorlari doirasida tarbiyalashga qaratilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Kamoliddin Behzod merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomida (L-jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.