Shohi-zinda me’moriy yodgorligidagi ikki gumbazli maqbaraga kim dafn etilgan?

Shohi-zinda me’moriy yodgorligidagi ikki gumbazli maqbaraga kim dafn etilgan?

Mazkur ayvonli masjid shimoliy tomonida Afrosiyob qal’asining devori etagidan boshlab qurilgan ulkan zinapoya mavjud.

Zina boshlanishidan g‘arb tarafda Shohi Zindadagi eng go‘zal maqbaralardan biri joylashgan. 

Ba’zi olimlarning taxminiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bekning ustozi va safdoshi, taniqli munajjim Qozizoda Rumiy ana shu yerda dafn etilgan. Mahalliy aholi o‘rtasida tarqalgan rivoyatlarga ko‘ra, bu yerda Amir Temurni o‘z suti bilan boqqan enagasi O‘ljay Xotun va uning qizi Bibi Senab dafn etilgan. 

Maqbara ikki xonadan, ya’ni ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Unga janub tomondagi peshtoqdan kirilgan. Ziyoratxona binosining devorlari – ravoqli. Ular baland gumbaz bilan yopilgan. Gumbaz toqi darchalaridan yorug‘ tushib turadigan devorlarda oq fonga ishlangan ko‘k rangli naqshlar qisman saqlanib qolgan. Sirkor bezaklar bilan yo‘l-yo‘l qilib ishlangan olti qirrali sopol plitalardan iborat panellar qadimgi qoldiqlarga qarab ta’mirlandi. Ziyoratxona bilan bir o‘qda joylashgan kichkina go‘rxona ichida sag‘ana mavjud. Go‘rxonaning g‘oyat baland gumbazi murakkab naqshli muqarnaslar bilan bezatilgan. 

Bu maqbara shakli va bezatilishi jihatidan Shohi Zindaning kichik shinam maqbaralaridangina emas, balki boshqa mashhur me’moriy yodgorliklaridan ham alohida ajralib turadi. 

Bu maqbara Samarqandda Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasining ulug‘vor gumbazlari qad ko‘targanidan keyin qurilgan. Lekin bu inshootlarning hech birida Qozizoda Rumiy maqbarasidagidek baland gumbaz yo‘q. Bu yodgorlik tepalikning yon bag‘rida qad rostlagan. Biroq u shunday tarh bilan bunyod etilganki, ziyoratxonaning yuksak gumbazi shahar devorining eng baland yeridagi maqbaralar gumbazlari bilan bir chiziqda turadi.

Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Shohi-zinda me’moriy yodgorligidagi ikki gumbazli maqbaraga kim dafn etilgan?
Shohi-zinda me’moriy yodgorligidagi ikki gumbazli maqbaraga kim dafn etilgan?