Sharq madaniy va adabiy merosidan bexabar inson “Eronning Mashhadida tug‘ilgan Sultonalining Toshkenti azimga, O‘zbekistonga nima aloqasi bor?” deb o‘ylashi tabiiy. Bu savolga buyuk Navoiyning merosi bilan bog‘liq muhim voqealar orqali javob topish mumkin.
Sultonali Mashhadiy Sharq miniatyurasi va xattotlik sanʼatidagi buyuk ijodkorlardan biri hisoblanadi. Buni unga berilgan “Sulton ul-xattotin” (“Xattotlar sultoni”) yoki “Qiblat ul-kuttob” kabi yuksak taxallus berilishi ham tasdiqlaydi. Gap shundaki, 1437 yil Mashhadda dunyoga kelib, xattotlikka bolaligidan mehr qo‘ygan, Husayn Boyqaro saroyi xattoti maqomiga erishgan bu betakror shaxs zamonasining buyuk allomalari Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiy bilan ijodiy hamkorlik qilgan. Va ularning asarlarini go‘zal harflarda ko‘chirib, mashhurlikka eltgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, Navoiyning ilk devonining birinchi murattibi (tartibga soluvchi) ham Sultonali Mashhadiy bo‘lgan.
Sharqda “Ulug‘larni ulug‘lar ulug‘ qiladi” maqoli ham bor. Demoqchimizki, Sultonali Mashhadiy Alisher Navoiy asarlarini kitobat qilib, go‘zal nusxalarda ko‘chirib, o‘zi ham ulug‘ nomga, maqomu manzalatga ega bo‘ldi. Zamona zayli bilan u ko‘chirgan asarlar Hindistonnin Oligarx kutubxonasida, shuningdek, Eron, Turkiya, Rossiya kabi mamlakatlarning ilm dargohlarida saqlanib kelinmoqda.
Bundan to‘rt yil oldin o‘zbek tadqiqotchisi, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov Navoiy qalamiga mansub “Badoeʼ ul-bidoya” devonining Turkiyada saqlanayotgan oltinchi nusxasi borligini aniqladi. “Maʼlum bo‘lishicha, qo‘lyozma Sultonali Mashhadiy tomonidan qog‘ozga tushirilgan. Yana bir tadqiqotchi A. Madraimovning qaydiga ko‘ra, Sultonali Mashhadiy ko‘chirgan va tartib qilgan moʻtabar qo‘lyozmalar ham o‘zbek mumtoz adabiyotining noyob namunasi, ham Hirot kitobat sanʼatining shoh asarlari, durdonalari sifatida qadrlidir. Shulardan 50 dan ortiq kitob va 500 ga yaqin qitʼalar bizgacha yetib kelgan. Ularning ayrim namunalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanib kelinmoqda.
Sultonali Mashhadiy tarjimai holi va undan qolgan noyob xattotlik namunalari bilan bog‘lik ko‘p materiallar mavjud. Ammo yuqorida keltirilgan dalillardan ham bilsa bo‘ladiki, u Sharq tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkordir va Toshkent shahri ko‘chalaridan biriga uning nomi berilgani bu buyuk shahsga bo‘lgan ehtiromdir.
Sultonali Mashhadiy ijod namunalari bilan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 25-tom, “O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami”ning 5-qismidan to‘liq maʼlumot olish mumkin.
Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
Toshkent koʼchalaridan biriga nomi berilgan Mashhadiy kim boʼlgan?
Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi markaziy ko‘chalardan biriga Sultonali Mashhadiy nomi berilgan.
