XIX-XX asrlarda Buxoro amirligi a’yonlari qanday kiyinishgan?

XIX-XX asrlarda Buxoro amirligi a’yonlari qanday kiyinishgan?

XІX asrning birinchi yarmi — XX asrning boshlarida Buxoroda fan, san’at, hunarmandchilik faol rivojlandi, keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borildi, biroq aynan to‘quvchilik katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

Buxoro amirligida qanday gazlamalar ishlab chiqarilmagan deysiz: paxta, shoyi, yarim ipak, baxmal, parcha...

Bunga ko‘p jihatdan ko‘chmanchi dasht, Rossiya va qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarining kengayishi yordam berdi. O‘sha paytda buxoroliklarning turli qatlamlari qanday kiyinganligini bilish juda qiziq.

Sadriddin Ayniyning  “Esdaliklar” asarida aholining har bir toifasi o‘ziga xos an’anaviy kiyinish uslubiga ega bo‘lganligi, kiyim-kechaklar nafaqat andazasi, rangi, matosi bilan bir-biridan farqlanishi qayd etilgan.

Shunday qilib, dehqonlar turli rangli chit sallalar va juda yorqin rangdagi matolardan tikilgan choponlar (qalami), poshnasiz dag‘al teridan tikilgan etiklar (mo‘kki) kiyishgan.

Shahar aholisi - hunarmandlar va savdogarlar kichik oq salla o‘rab, asosan yarim ipak yoki qog‘oz matodan (olacha) chopon, ruhoniylar, savdogarlar va hunarmandlar esa poshnasiz yupqa taglikli etik (ichigi), ustiga charm kovush kiyishgan.

Harbiy-ma’muriy bo‘lim xodimlari bo‘limi, darajasiga qarab, qoida tariqasida, har xil ipak yoki yarim ipak matolardan tikilgan, keng kamar bilan o‘ralgan, turli xil kumush naqshlar, zarhal va qora nishonlar bilan bezatilgan choponlarda, uchi pastga qarab torayib ketgan, juda baland poshnali etiklarda yurishgan. Amaldorlarning boshlarini unchalik katta bo‘lmagan oq sallalar bezagan. Egri qilich jabduqqa emas, balki mahalliy (g‘uzori deb nomlangan) maxsus kamarga mahkamlangan. Bunday kamar odatda kengroq rasmiy kamar ostidan taqilgan. Amir saroyidagilar, xotinlari va jamiyatning boy qatlamlari liboslari zardo‘zi iplar bilan bezatilgan.

Aytish joizki, O‘zbekiston muzeylarida XІX asr oxiri – XX asr boshlariga oid liboslar saqlanib qolgan. 

Ushbu mavzu bo‘yicha “O‘zbekiston muzey kolleksiyalari materiallari asosidagi an’anaviy o‘zbek libosi” (1-qism) kitob-albomidan  ma’lumot olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

XIX-XX asrlarda Buxoro amirligi a’yonlari qanday kiyinishgan?
XIX-XX asrlarda Buxoro amirligi a’yonlari qanday kiyinishgan?
XIX-XX asrlarda Buxoro amirligi a’yonlari qanday kiyinishgan?