Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot – kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida arab, fors-tojik va turkiy tillardagi nodir adabiyotlarning 872 tasi saqlanmoqda. Maskan binosining rekonstruksiya qilinib, taʼmirdan chiqarilgani tufayli ularni asrab-avaylash borasida qulayliklar yaratildi.

Jumladan, kitob javonlari poldan kamida 15 santimetr yuqorida, xonadagi namlik, yorug‘lik darajasi belgilangan meʼyorda, har bir kitob turi va qaysi tildagi ekanligiga qarab tokchalarga qo‘yilgan. Har tokchada to‘rttagacha kitob qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, qo‘lyozma manbalar alohida, toshbosma kitoblar alohida turibdi. Bu foydalanuvchilarga kerakli adabiyotni zudlik bilan taqdim qilish imkonini beradi.
Buxoro davlat muzey – qo‘riqxonasida esa 7 mingta noyob qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Ular orasida Sharqda yashab ijod etgan, jahon tamadduniga katta hissa qo‘shgan olimu fuzalolarning madaniyat, sanʼat, matematika, handasa, tib ilmi, biologiya, botanika, geografiya, kimyo, astronomiya, astrologiya, mantiq, falsafa, xattotlikka oid noyob asarlari bor.
Muzey – qo‘riqxona bosh muhofizi Firuza Sharopovaning aytishicha, mazkur fond yaqin-yaqingacha Buxoro sanʼat muzeyida joylashgandi. Muzey binosi taʼmirlanayotgani tufayli qadimiy yozma manbalarni vaqtincha bu yerga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.
Muzey – qo‘riqxona ko‘hna Ark qo‘rg‘onida joylashgan. Tabiiyki, bu yerdagi inshootlar qadimiy osori atiqalar, xususan, qo‘lyozma kitoblarni saqlashga mo‘ljallanmagan. Vaholanki, ayrimlarining yozilish sanasi VI–VIII asrlarga borib taqaladigan kitoblarni namlik, chang-g‘ubor, hasharotlar zug‘umidan asrashning o‘zi bo‘lmaydi. Qolaversa, bu adabiyotlar hozir qo‘lbola usulda tayyorlangan javonlarda turibdi. Har uch oyda hasharotlarga qarshi kurashish uchun maxsus dorilanadi. Bunday paytda qo‘lyozmadan foydalanuvchilarga ham, ularga xizmat ko‘rsatuvchiga ham oson tutib bo‘lmaydi. Chunki dori kishida allergiya qo‘zg‘atadi. Holbuki, bunday profilaktik yumushlarni bajarish uchun maxsus laboratoriya kerak.
Bebaho xazinani asrab-avaylash, nodir adabiyotlarni tadqiq etish uchun Buxoroda barcha talablarga javob beradigan bino qurish mavridi allaqachon keldi. Viloyat rahbarlari shu haqda o‘ylab ko‘rishsa ayni muddao bo‘lardi. Bu davlatimiz rahbarining 2022-yil 10-fevralidagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan maqsadga ham mos tushadi.
Manba: "Xalq so'zi" nashri
