Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi rasman yakunlandi

13-noyabr kuni Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yalpi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda so'nggi qirq yil ichida ilk bor Tashkilot qarorgohidan tashqarida o'tkazilgan eng yirik xalqaro forumning muvaffaqiyatli yakunlangani e'lon qilindi, deya xabar qildi TIV axborot xizmati.

Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi rasman yakunlandi
Foto: UNESCO / Husniddin Ato

Yig'ilish yakunlariga ko'ra, Bosh konferensiya tomonidan "O'zbekiston xalqi va hukumatiga minnatdorlik ifodasi" nomli rasmiy hujjat qabul qilindi. Hujjatda O'zbekiston Prezidentining beqiyos qo'llab-quvvatlovi, Bosh konferensiyani tashkil etish va o'tkazishdagi yuksak e'tibori va shaxsan ishtiroki, shuningdek, O'zbekiston xalqi tomonidan ko'rsatilgan mehmondo'stlik va yuqori darajadagi sessiyani o'tkazish tashabbusi uchun chuqur minnatdorlik izhor etilgan. O'zbekistonning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniy merosga ega mamlakat sifatidagi madaniy boyliklari barcha ishtirokchilar uchun ilhom manbai bo'lgani, xalqaro hamjihatlik, o'zaro tushunish va ishonch muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo'shgani ta'kidlangan. UNESCO tarixida ilk bor qabul qilingan ushbu qaror Tashkilot g'oyalarini ilgari surish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda jahonda birlik, bag'rikenglik va tinchlikni mustahkamlashda O'zbekistonning muhim hissasini xalqaro miqyosda e'tirof etishini anglatadi.

 

Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi rasman yakunlandi
Fotо: UNESCO / Husniddin Ato

43-sessiya raisi Xondker Talha yig'ilishda so'zga chiqib, Samarqandda sessiyani o'tkazish tashabbusi va uni yuqori darajada tashkil etgani uchun O'zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi:

"Ushbu sessiyaning UNESCO qarorgohidan tashqarida o‘tkazilishi ramziy maʼnoga ega. U UNESCOni odamlarga yaqinlashtirish va ushbu nufuzli tashkilotni boshqarish — biz xizmat qilayotgan hamjamiyatlar va aʼzo mamlakatlarga yaqinlashtirishga sodiqligimizni aks ettiradi. Ushbu sessiya bizga nafaqat o‘ta muhim masalalarni muhokama qilish, balki ko‘pchiligimiz uchun imkonsiz bo‘lgan noyob imkoniyat — O‘zbekistonning boy madaniyati, merosi va mehmondo‘stligi bilan shaxsan tanishish imkonini berdi", — dedi u.

 

Ikki haftalik muloqot va munozaralarda 184 ta mamlakat, 3 ta assotsiatsiyalangan aʼzo, 20 ta nodavlat va hamkor tashkilot (ishtirokchilar soni 4600 dan oshdi, shu jumladan, 3 ta davlat rahbari, 94 vazir va 2340 delegat) ishtirok etdi. Bu ular uchun "nafaqat diplomatik, balki ma'naviy tajriba" bo'lgani ta'kidlandi.

 

Samarqand sessiyasi UNESCO tarixida yangi sahifa ochdi. "Samarqand ruhi" ochiqlik, ishonch va o'zaro tushunish timsoli sifatida Tashkilotning keyingi yig'ilish va tashabbuslarida ham o'z aksini topishiga ishonch bildirildi.