Bu davrda Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish katta siyosiy maqsadlarga asoslangan. Uning o‘g‘li Umar Shayxning nabirasi Sulton Husayn o‘zining afsonaviy sulolaga mansubligini ta’kidlashga intilgan. Shu sababli, miniatyuralarda Amir Temur bilan birga ko‘pincha Umar Shayx ham tasvirlangan.
Ushbu miniatyura turkumining eng muhim sahnalaridan biri — "Temur buyuk amir sifatida saylanganligi munosabati bilan ziyofat tashkil qilmoqda" nomli asar. Bu voqea temuriylar uchun alohida ahamiyatga ega, chunki 1370-yilda Balxni zabt etganidan keyin Temur Chig‘atoy ulusi ustidan yagona hukmdor bo‘lgan. Miniatyurada rassom Behzod Chig‘atoy ulusining beklari Sohibqironning davlatiga sodiqlik qasamyodini qabul qilayotgan onni aks ettirgan.
Sahna bahorda bo‘lib o‘tadi, buni gullab turgan daraxtlar va oltinrang osmon ta’kidlaydi. Kompozitsiya ikki sahifaga tarqalgan bo‘lib, o‘ng sahifada Temur taxtda hamrohlarining o‘rtasida o‘tiribdi. U qimmatbaho toj va yashil kiyimlarda, qizg‘ish soqolli holda tasvirlangan — bular XV asrda uning ikonografiyasining ajralmas qismiga aylangan belgilar. Temurning bir oyog‘i bukilgan holda ko‘rsatilgan, bu uning oqsoqligiga ishora qiladi. Bu tasvir bayramona kayfiyatni aks ettirib, uning buyuk hukmdor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Shunday qilib, ushbu miniatyura nafaqat Temurning hayotidagi muhim lahzalarni san'at orqali aks ettiradi, balki ajdodlarini ulug‘lash orqali temuriylarning hokimiyatini qonuniylashtirish ramzi ham bo‘lib xizmat qiladi.
Mavzu doirasida batafsil“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Kamoliddin Behzod merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomida (L-jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_GF2FGoI_1.webp)