XIX asrda tikilgan kashtalar Praga Milliy galereyasida

XIX asrda tikilgan kashtalar Praga Milliy galereyasida

Pragadagi Milliy galereya 1796 yildayoq ish boshlagan Vatanparvar sanʼat ixlosmandlari jamiyati Rasmlar galereyasining bevosita davomchisi hisoblanadi. 1902 yilda Chexiya qirolligi zamonaviy galereyasiga asos solinib, jamlanma va ko‘rgazma faoliyatida XIX–XX asrlarda yaratilgan sanʼat asarlari to‘plangan.

Chexoslovakiya mustaqillikka erishgandan so‘ng 1918 yil Rasmlar galereyasi tasviriy sanʼat asarlarini to‘plash borasida asosiy muassasaga aylandi. Rasmlar galereyasi va Zamonaviy galereyaning davomchisi bo‘lgan, zamonaviy atamadagi Praga milliy galereyasi 1949 yilda qabul qilingan qonunga asosan tashkil etilgan. Hozirgi davrda u Chexiya Respublikasining tasviriy sanʼat asarlari namoyishchilari ichida eng katta majmua hisoblanadi.

XIX asrning oxirida O‘rta Osiyoga Afg‘oniston, Angliya, Rossiyadan fabrikada to‘qilgan matolar keltirila boshlagan. Natijada ayollar rangli asosda – qizil, sariq, siyoh ranglardagi matolarga kashta tika boshlashgan. Baʼzida astar sifatida shoyidan ham foydalanishgan. Kashtado‘z Lutfiya Mirsadiyevaning maʼlumot berishicha, O‘rta Osiyo kashtachilari 1860 –1870 yillardanoq kashta uchun asos sifatida, yashil va sariq rangli mahalliy ipak matolar bilan birga Rossiyadan keltirilgan oq va rangli satinlardan foydalana boshlashgan. Rangli matolarga tikilgan naqshlar rangning chiroyini ifodalab turgan oq matodagi kashtalarga qaraganda oddiyroq ko‘ringan. Negaki, rangli matolarga kashta tikiladigan iplarning hamma rangini ham qo‘llashning iloji bo‘lmagani bois, rang-tasvirlar chegaralanib qolgan.

XIX asrning oxirigacha kashta tikiladigan ipning eng asosiysi va ommalashgani mahalliy ishlab chiqarilgan ipak ip bo‘lgan. Ayollar mustaqil tarzda uylarida ipak qurti boqishgan, yetishtirilgan pillani yigirib, ipak ip olishgan yoki ularni pilladan ip yigiradigan ustaxonalarga topshirishgan. Iplarni bo‘yash ham uy sharoitida amalga oshirilgan va bu qo‘l mehnatini talab qilgan. Rang berish uchun tabiiy buyoqlardan foydalanilgan. Bularning ichida eng ommalashgani ro‘yan (ildizidan qizil buyoq olinadigan o‘tsimon o‘simlik) bo‘lgan. Shuningdek, koshenil (qizil buyoq beradigan hasharot)dan keng ko‘lamli – pushtidan to‘q qizilgacha rang tayyorlangan. Isparak o‘simligidan esa, sariq rang olishda foydalanilgan, bu rangni nil bo‘yog‘i bilan biriktirganda yashil rang hosil bo‘lgan. Iplarni nil bo‘yog‘ida bo‘yash bilan faqatgina tajribali bo‘yoqchilar, asosan mahalliy yahudiylar shug‘ullangan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlarida” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
 

XIX asrda tikilgan kashtalar Praga Milliy galereyasida