Nodir kitoblar orasida Mahmud az-Zamaxshariy (1075 – 1144) qalamiga mansub bo‘lgan, qadimiy ko‘p tilli lug‘atlardan biri «Muqaddimat-ul-adab» («Adabiyotga kirish») asari ham bor va u 701/1302 yilda yozilgan. Yana boshqa bir qo‘lyozma – «Sharh Mulahhas Fil Xayya» esa o‘rta asrlarda yashab o‘tgan astronom Mahmud Chag‘miniyning «Mulahhas fil Xayya» kitobiga Muso bin Mahmud Qozizoda Rumiy tomonidan yozilgan mashhur sharhlardir. Ushbu kitob o‘rta asrlar Sharqidagi oliy o‘quv yurtlarida astronomiya bo‘yicha eng muhim darsliklardan biri bo‘lgan. Kitob o‘rta asrlardagi Samarqand astronomik maktabining asoschilari tomonidan ham o‘rganilgan va astronomiyaga oid boshqa yirik risolalarning yaratilishiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi haqidagi boshqa ma’lumotlarni «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasining qo‘lyozma va kitob merosi» ( XLI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida qanday nodir asarlarni uchratish mumkin?
Qo‘lyozmalar, noyob va alohida qiymatga ega nashrlar xizmati fondida saqlanadigan nodir asarlardan biri bu Abul Hasan Ali ibn Muhammad al Movardiy tomonidan yozilgan «Al-ahkom as-sultoniyya va-l-valoyot ad-diniyya» («Sultonlik hukmlari va diniy boshqaruv qoidalari») qo‘lyozmasi sanaladi. U abbosiylar xalifaligi davriga tegishlidir.