Naprstek nomidagi muzeyda saqlanayotgan tumorlar

O‘zbek zargarlik buyumlarining milliy to‘plamiga tumorlarni kiritish mumkin va XIX asrning oxirlari – XX asrning boshlarida ularni ayollar va bolalar taqib yurishi urf bo‘lgan.

Tumor asosan ko‘z tegish, kasallik va bepushtlikdan himoya qiluvchi vosita sanalib, uni odatda kumush yoki tilla suvi yuritilgan qutichalarda olib yurishgan. Shuningdek, turli duolar yozilgan qog‘ozchadan ham tumor sifatida qo‘llanilgan. Avvallari tumor qutisiga turli sehr-jodu kuchiga ega deb ishonilgan narsalar (igna, ko‘mir bo‘lagi va shu kabilar) ham solib yurilgan.
      
Tumorlar ko‘pincha uchburchak, to‘g‘ri to‘rtburchak va silindr shaklida yasalgan va munchoqlar yoki boshqa taqinchoqlarga osib qo‘yilgan. Shuningdek, ular bosh kiyim va boshqa kiyimlarga bittadan yoki bir juft qilib ko‘krak, yelka yoki qo‘ltiqqa, yaʼni kishilarning tasavvuriga ko‘ra, insonlarning zaif joylari deb ishonilgan yerlariga qadab qo‘yilgan. Tumor bolalar kiyimlari va kelinchak taqinchoqlarining ajralmas qismi hisoblangan. Ko‘pincha kelinchaklar birvarakayiga bir nechta tumor taqib yurishgan, bu kelgusida serfarzand bo‘lishning belgisi hisoblangan. Ayollar tumorlarni birinchi, ayrim paytlarda esa ikkinchi farzand tug‘ilguniga qadar taqib yurishgan. Agar chaqaloq nobud bulgan bo‘lsa, tumor doimiy ravishda taqib yurilgan.
      
Naprstek nomidagi muzeyda zargarlik buyumlari to‘plami orasida XIX asrning oxirlari – XX asrning boshlarida ishlangan taqinchoqlar uchraydi. Samarqand zargarlik buyumlari to‘plami mohitillo deb ataluvchi, peshonaga taqiladigan taqinchoq, nafis ishlangan halqava qoziq isirg‘adeb ataluvchi kichik taqinchoqdan iborat bo‘lib, ular 1891 va 1902 yillarda muzeyga kelib tushgan. Zirakning Toshkent usulida yasalgan turi gajak osilchoqli sirg‘alar to‘plamida aks etib, u 1883 yil muzey tomonidan sotib olingan. O‘sha davrlarga oid Buxoro zargarlik usuli (masalan, tagnishin usuli), kamar to‘qalari va halqasirg‘alarda aks ettirilgan. Shuningdek, XX asr boshlarida Toshkent va Buxoroda yasalgan tumor qutilarning (tumor, bozuband) kichik to‘plami ham kishilar uchun ahamiyatli bo‘lgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlarida” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
 

Naprstek nomidagi muzeyda saqlanayotgan tumorlar