Chingizxon yerlarini o‘g‘illariga bo‘lib bergach, Xorazm ikki muzofotga bo‘lindi. Hududning chap qismi Urganch bilan birga Jo‘jixonga o‘tdi va Oltin O‘rda tarkibiga kirdi. Xorazmning chap qismi Jo‘jixonning eng kuchli va iqtisodiy qudratga ega viloyatlaridan biri edi. U Oltin O‘rdaning boshqa shaharlaridan o‘ta erkinligi va pul ishlarida mustaqilligi bilan ajralib turardi.
Xorazm tangalari Jo‘ji ulusiga qarashli boshqa shaharlarning tangalari turlaridan ajralib turgan. Oltin O‘rda davridagi Xorazm tangalarida kufiy yozuvidagi xorazmcha ko‘rinishdagisi ham uchraydi. Bezatish uslubiga ko‘ra, bu tangalar Oltin O‘rda poytaxti – Saroy tangalariga ham o‘xshab ketgan. 1313–1314 yillarda Xorazmning bo‘lajak hukmdori Qutlug‘ Temur yordamida Oltin O‘rda taxtini O‘zbekxon egalladi. Xorazm hukmdorlari o‘zlarini shu qadar qudratli hisoblashganki, hatto 1314–1317 yillarda tangalarni O‘zbekxon nomisiz chiqarishgan. O‘rdadagi xonlar almashinuvi xorazmliklar zarbxonasining tangalariga taʼsir o‘tkazmagan, bu yerda imzosiz tangalar zarb qilinishi davom etgan. Bu esa Xorazm o‘sha paytda Jo‘ji ulusidan siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lganidan darak beradi.
Xorazm Oltin O‘rda tarkibidan chiqishi bilan 1361 yilda mintaqada oltin o‘rdaliklarning pul ishi ham to‘xtatildi. XIV asrning 60–70 yillarida Xorazmda Qo‘ng‘irot so‘fiylarining imzosiz tangalari zarb qilindi.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, 47- jild, “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami» kitob-albomi o‘qishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.
