Kashtada ishlatiladigan chok turlari haqida bilasizmi?

Kashtada ishlatiladigan chok turlari haqida bilasizmi?

Kashtachilik sanʼati o‘zbek xonliklarining o‘troq hamda yarim ko‘chmanchi aholisi orasida juda keng tarqalgan. Voha aholisi uyning ichki bezaklari uchun katta o‘lchamdagi kashtalar to‘qigan bo‘lsa, dashtda yashovchilar bu sanʼatdan kiyim va uning qismlarini, shuningdek turli xaltalarni bezatishda qo‘llashgan.

Kashtalar qizlar sepining asosiy qismini tashkil etib, ularning to‘y marosimlarida muhim ahamiyat kasb etgan: ularning har bir turi o‘ziga xos diniy mazmunga ega bo‘lgan. Bitta katta o‘lchamli kashtani bitirishga ikki yilgacha vaqt ketishi mumkin bo‘lgan. Agar kashta to‘liq qoplamali, yaʼni butun mato yuzini yoki kiyimni to‘la-to‘kis kashta bilan bezash lozim bo‘lsa, unga yana-da ko‘proq vaqt sarflangan.
        
Kashtada ishlatiladigan chok turlari nihoyatda rang-barang. O‘zbekistonning ko‘lab viloyatlarida bosma chok va uning turlaridan (kandaxayol, yakro‘ya) foydalaniladi. Ikki yoqlamali kashtalar (masalan, sochiq) chindaxayol (duro‘ya) chokida tikilgan. Uncha katta bo‘lmagan buyumlar uchun yana bir ikki yoqlamali chok – xomdo‘zidan foydalanishgan va bu chok turi asosan Farg‘ona vodiysida keng tarqalgan. Yarim xoch shaklidagi iroqi kashtalar, do‘ppilar, shuningdek Shahrisabz va Kitob hududlarida tikilgan katta so‘zanalarda ishlatilgan.
       
Eng qadimgi choklardan biri yurma chok bo‘lib, u zanjir shaklini eslatgan va igna yoki ilgak yordamida tushirilgan. Undan ko‘pincha naqsh chetlarini va hoshiya chiziqlarni o‘rab chiqishda foydalanilgan. Shu sababli bu chok ishning so‘ngida – kashtaning alohida qismlari yaxlit qismga birlashtirilganda ishlatilgan. Kashta chetlari ilmoqli chok bilan tikib chiqilgan. Samarqandda chokning bu turidan faqatgina XIX asrning 50 – 60 yillarida foydalanilgan.
        
Bitta kashtaning o‘zida choklarning maʼlum tartibda uyg‘unlashtirilgan turli xilini uchratish mumkin. Baʼzida gulli naqshlarni solishda bosma va kandaxayol choklari almashib kelishi, poya va barglar yurma chok bilan, markaziy qismni ajratib turuvchi chiziqlar va chetki hoshiyalar ilmoq chokda tikilishi mumkin bo‘lgan. Har bir hududda o‘ziga xos maʼlum choklardan foydalanilgan. Masalan, Nurota, Samarqand va Toshkentda ko‘proq bosma usuldagi chokdan foydalanishgan bo‘lsa, Shahrisabzda kandaxayol, Buxoroda esa yurma chok keng qo‘llanilgan. Kashtalardagi naqsh va asosni bir turdagi chok (tagdo‘zi) bilan tikish holatlari ham uchrab turgan.
        
Naprstek nomidagi muzeyda kashtalar to‘plamini bir nechta so‘zana tashkil qiladi. Ularning orasida muzeyga 1899 yil kelib tushgan Nurota so‘zanasi va Toshkentdan olib kelingan joynamoz alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, 1900 yillarda yaratilgan palaklar Toshkent kashtachilik maktabi mahsuli bo‘lsa, XIX asrning ikkinchi yarmida tikilgan, Buxoro to‘y marosimlarida ishlatilgan kashta – ro‘yjo ham ushbu to‘plamdan o‘rin olgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.