O‘shanda Amir Olimxon 12 yoshda bo‘lib, uni otasi o‘zi bilan birga imperatorga ko‘rsatish va Nikolayev kadetlar korpusiga o‘qishga kiritish niyatida olib kelgan edi. Qishki saroyda suratga olish uchun saroy fotosuratchisi V. Yasvoinni taklif qilishdi. U Abdulahadxonni avval alohida, keyin o‘g‘li va safarda birga ishtirok etayotgan amaldorlari bilan birgalikda suratga oldi. Shahzodaning o‘quvchi kiyimida tushgan yana bir fotosurati saqlangan. Unga qarab bu bola olis Buxoroda tug‘ilib o‘sganiga mutlaqo ishonmaysiz. Bir necha yilga mo‘ljallangan ta’lim rejasini shaxsan Aleksandr III ning o‘zi tasdiqlardi. Unda musulmon ilmlari qatorida rus va fransuz tili, adabiyoti, matematika, siyosiy tarix, iqtisod, geografiya yana boshqa ko‘plab fanlar, shuningdek harbiy tayyorgarlik kurslari o‘tilardi. Ammo ikki yildan so‘ng amir dunyoviy va harbiy fanlarni qisqartish evaziga ta’lim muddatini kamaytirishni talab qildi va Olimxonni 1896 yili yozida Buxoroga qaytardi. Otasining vafotiga qadar Olimxon viloyatlardan birini boshqardi. Amir bo‘lgandan so‘ng esa avvaliga bir qator ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Keyin esa tezlik bilan yana eski, an’anaviy davlat boshqaruvi o‘zaniga qaytdi.
Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «O‘zbekiston Rossiya arxivlari to'plamlarida saqlanayotgan XIX asr va XX asr boshlariga oid tarixiy fotosuratlarda» (XXXVII jild) kitob albomida tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
