
Bular – ipni tayyorlash, matoni to‘qish va tayyor mahsulotga yakuniy ishlov berish. Ipni tayyorlash jarayoni ham uch bosqichni o‘z ichiga olgan. Ipak tolasini sifatli ipga aylantirish uchun pillani yuvish, undan tolani ajratib olish va oxirgi bosqichda uni bo‘yash ishlari amalga oshirilgan (abrbandi uslubida).
Paxta tolasidan tayyorlangan matolarni ishlab chiqarishda esa paxta chigitidan ajratib olinib, yigirilgan va ipga aylantirilgan. Oxirgi bosqichda paxta tolasidan tayyorlangan va yarim ipak matolarga ohor berilgan. Ipak ro‘mollar, sharflarga gul chizilgan, chitga gul bosilgan, paxta tolali matolar oqartirilgan.
Gul bosuvchi ustalar ikki xil bo‘lgan. Chitgarlar paxta tolasidan tayyorlangan matolarga o‘ziga xos uslubda ko‘chirib o‘tkazish orqali maxsus qoliplarda gul bosgan bo‘lsalar, ro‘molsoz to‘quvchilar xuddi shu yo‘l bilan ro‘mol, sharf kabi mayda mahsulotlarga gul solgan. To‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda ipni bo‘yash muhim o‘rin tutgan.
XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida bo‘yashda ikkita mustaqil tarmoq mavjud bo‘lgan. Bular ko‘kdan boshqa barcha bo‘yoqlarni qaynoq suvda eritgan holda bo‘yash va ko‘k bo‘yoqni sovuq suvda eritib bo‘yash. Ikkinchi usuldan asosan mahalliy yahudiylar foydalanishgan. O‘rta Osiyoda bo‘yovchi vositalar uchun odatda o‘simlik va hayvonlardan olingan tabiiy bo‘yoqlardan foydalanilgan.
Shu bilan birga ilk bor XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiya bilan savdo aloqalari tufayli mahalliy bozorlarda paydo bo‘lgan sunʼiy bo‘yoqlardan foydalanila boshlangan. Bunday bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan matolar ko‘pincha o‘ngib ketardi. Vaqt o‘tishi bilan sunʼiy bo‘yoqlar sifati ham yaxshilangan bo‘lsa-da, hozirgi kunlarda mahalliy ustalar ko‘pincha matolarni bo‘yashda eski usullarga yondashgan holda O‘zbekiston hududida o‘suvchi turli o‘simliklardan olinadigan bo‘yoqlardan foydalanmoqda.
Naprstek nomidagi muzey to‘plamida XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolarning bir nechta namunasi saqlanadi. Bu to‘plamda Buxorodan keltirilgan, o‘ziga xos mahalliy naqsh va chizmalar bilan bezatilgan shoyi parda alohida o‘rin tutadi. Boshqa matolar, masalan, karbos, beqasam, adras kabilar ham mazkur to‘plamdan joy olgan bo‘lib, bular asosan kiyim tikish, kashta tayyorlash (so‘zana)da qo‘llanilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.