Jun mahsulotlari, paxta va ipak tolasidan tayyorlanadigan matolar

Jun mahsulotlari, paxta va ipak tolasidan tayyorlanadigan matolar

Turli ashyolardan mato ishlab chiqarish har doim O‘zbekiston amaliy sanʼatida muhim o‘rin tutgan sohalardan biri hisoblangan.

Jun mahsulotlari, paxta va ipak tolasidan tayyorlanadigan matolar

Jun mahsulotlari, paxta va ipak tolasidan tayyorlanadigan matolar O‘rta Osiyoda bir necha asrlar mobaynida ishlab chiqarilgan. Go‘zalligi va sifati bilan ular o‘z hududida yuqori baholangan hamda Buyuk ipak yo‘li orqali turli mamlakatlarga sotilgan. Bu haqida o‘rta asrlarda yashab o‘tgan tarixchi olim Muhammad Narshaxiy (899 – 959 yy.) o‘z asarlarida yozib qoldirgan. Jumladan, «Buxoro tarixi» asarida shunday degan: «Buxoroda, shahar va qo‘rg‘on oralig‘idagi machit yonida gilam to‘qiydigan, parda tikadigan va Yazd matosi, yostiqlar, joynamozlar, shuningdek xalifa qarorgohiga to‘shalgan to‘shamalar tayyorlaydigan katta ustaxona bor edi. Bu yerda tayyorlanadigan mahsulotlarning narxi juda yuqori bo‘lib, bitta pardani sotishdan tushgan pulga Buxorodagi barcha yer solig‘ini to‘lash mumkin edi».

Narshaxiyning guvohlik berishicha, mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari Bag‘dod, Xuroson, Shom, Misr, Eron va Hindistonga eksport qilingan. Buxoro va Samarqand ancha vaqtgacha to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning muhim markazlari bo‘lib qoldi. XIX asr oxirida ipak mahsulotlaridan milliy matolar ishlab chiqarish bo‘yicha Farg‘ona vodiysi yetakchi joy bo‘lgan va u hanuz ana shu yetakchilikni davom ettirib kelmoqda. Mahalliy matolarning o‘nlab turi ishlab chiqarilib, ular bir-biridan xomashyosi, ishlab chiqarish uslubi va dizayni bilan tubdan farq qilardi. Ular nafaqat kiyim-kechak tikish, balki maishiy turdagi ashyolar, jumladan, pardalar, to‘shamalar, sumka va boshqa buyumlar uchun ham ishlab chiqarilardi.

Naprstek nomidagi muzey to‘plamida XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida yaratilgan ipak va shoyi matolarning bir nechta namunasi saqlanadi. Bu to‘plamda Buxorodan keltirilgan, o‘ziga xos mahalliy naqsh va chizmalar bilan bezatilgan shoyi parda alohida o‘rin tutadi. Boshqa matolar, masalan, karbos, beqasam, adras kabilar ham mazkur to‘plamdan joy olgan bo‘lib, bular asosan kiyim tikish, kashta tayyorlash (so‘zana)da qo‘llanilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.