Tuksiz palos va sholchalar to‘qilish uslublari

Naprstek nomidagi muzeyda saqlanayotgan sopol buyumlar

Kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish O‘zbekiston amaliy sanʼatida o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Naprstek nomidagi muzeyda saqlanayotgan sopol buyumlar

Sopol idishlar nafaqat amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, balki ulardan bezak sifatida ham foydalanilgan. Kulolchilik mahsulotlari, ayniqsa shahar hududlarida uyning ichki bezagi bo‘lib xizmat qilgan va to‘y sovg‘alarining ajralmas qismini tashkil etgan.

Sopol ishlab chiqarish asosan o‘troq hamda dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi vohalar – yirik qishloq va shaharlar uchun xos bo‘lgan. Buxoro, Samarqand, Shahrisabz, Urganch, G‘ijduvon, Kattaqo‘rg‘on, G‘urumsaroy, Andijon, Rishton, Farg‘ona, Xiva kabi hududlar sirlangan sopol idishlar ishlab chiqarishda mashhur bo‘lgan markazlar sanaladi. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning boshlarida yirik kulolchilik markaziga aylangan joy Farg‘ona vodiysining Rishton tumani hisoblanadi. Hozirgi kunda ham ushbu hududda ishlab chiqarilayotgan kulolchilik mahsulotlari o‘zbek milliy kulolchilik sanʼatining ramzi sanaladi.
        
Kulolchilik hunarmandchilikning faqat erkaklar shug‘ullanadigan turi hisoblangan. Yaqin o‘tmishda ham har bir usta odatda muayyan turdagi – yo bo‘ylamasiga tik, yoki gorizontal yassi idishlar yasashga moslashgan. Tik va cho‘ziq idishlarga ko‘zalar, guldonlar, turli mahsulot va suv saqlanadigan xumlar kirgan. Ularni yasovchilar ko‘zagarlar deb atalgan. Yassi shakldagi idishlarga esa laganlar, taqsimchalarning turli xillari, kosalar kirib, ularni kosagarlar yasashgan.
       
Kosagarlar ishlab chiqargan mahsulotlar sirlangan bo‘lsa, ko‘zagarlar mahsulotlarining esa sirlangani ham, qisman sirlangani ham, umuman sirlanmagani ham bo‘lishi mumkin bo‘lgan. Sirlangan sopol idishlar XIX asr oxirlari – XX asrning boshlarida ranglar berilishining uyg‘unligi bilan ajralib turgan. Sopol idishlarning bir guruhi asosan yashil, sariq va sariq asosli bo‘lib, qo‘rg‘oshinli sir bilan qoplangan. Bunday idishlar tayyorlovchi markazlar asosan G‘ijduvon, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Toshkent hududlari hisoblangan.
      
Ikkinchi guruhda esa asosan ko‘k-feruza ranglar oq asos bilan uyg‘unlashtirilgan holda ishlab chiqarilib, ularga ishqoriy sir berilgan. Bunday rangdagi idishlar Farg‘ona vodiysi va xorazmlik ustalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga xos bo‘lgan. Ammo XVIII – XIX asrlarda kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda Buxoro va Samarqandda ham och moviy bo‘yoqlar qo‘llanilgan.
       
Naprstek nomidagi muzeyda kulolchilik mahsulotlari to‘plami orasida eng qadimiy hisoblangan mahsulotlar XIX asr oxirlarida ishlab chiqarilgan. Bular asosan 1970 yillarda muzeyga kelib tushgan sirli sopol idishlar hisoblanib, ular anʼanaviy idishlarning (lagan, badiya, xurma) turli ko‘rinishlaridan iborat. Shuningdek, mashhur o‘zbek kulollari tomonidan yaratilgan hushtaklar ham bu to‘plamdan joy olgan. Muzey hujjatlarida g‘urumsaroylik Mahmud Rahimov va Hakim Satimov (Farg‘ona vodiysi), O‘balik Hamro Rahimova (Buxoro viloyati), xonqalik Rayimberdi Matchonov (Xiva yaqinida) kabi ustalar nomlari saqlanib qolgan. 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.