
Mahalliy zargarlar asosan kumush bilan ishlaganlar. Oltin tannarxi qimmat bo‘lgani bois, u juda kam ishlatilgan, biroq XIX asr oxirlaridan boshlab oltindan zarhallashda keng qo‘llanilgan. Kambag‘alroq odamlar uchun kumush suvi yugurtirilgan misdan taqinchoqlar ishlangan. Feruza, serdolik (yarim qimmatbaho tosh), lojuvard, granit, laʼl, berill kabi qimmatbaho toshlar zargarlar o‘rtasida keng qo‘llanilgan. Shuningdek, zargarlik buyumlari bezagi sifatida marjon, sadaf va durlardan ham foydalanilgan.
       
Zargarlik ishida qo‘llaniladigan usullardan biri – bu o‘yiqli sirlash (champlevé) hisoblangan. Biroq boshqa usullarga qaraganda eng keng tarqalgani bosma uslub sanalgan va uning yordamida metall sirtida turli bo‘rtma naqshlar solish mumkin bo‘lgan. Shuningdek, bosma usul yordamida ikkita yarim sharchalar qilinib, keyin ular ichi bo‘sh yumaloq shaklga keltirilgan. Bosma uslubi badiiy hunarmandchilikning kulolchilik va teriga badiiy ishlov berish kabi turlarida ham qo‘llanilgan.
Ayrim taqinchoqlar ingichka metall asosdan yasalib, uning ichi maxsus aralashma bilan to‘ldirilgan, shu sababli ular hashamdor va qimmatliroq ko‘rinishga ega bo‘lgan. Zargarlik buyumlariga bezak berish uchun yassi yuzaga xiyol o‘yib ishlov berish usuli ham qo‘llanilgan. Tasvir eskizi metallga hech bir qolipsiz, maxsus qamishdan yasalgan pero yordamida tushirilgan. Naqshning nafisligi va go‘zalligi zargar ustaning mahoratiga bog‘liq bo‘lgan. Zargarlik buyumlari zar sim va metall donachalari bilan ham bezatilgan.
Zargarlik buyumlarini taqish nafaqat estetik mazmunga, balki irim-sirimlarga ham bog‘liq bo‘lgan. Taqinchoqlarning miqdori va ko‘rinishi sohibining ijtimoiy mavqei, yoshini ham ko‘rsatib bergan. Taqinchoqlarning to‘liq to‘plamini ayollar to‘y marosimlari kunlarida taqishgan. U bir qancha taqinchoqlarni o‘z ichiga olgan. Kelinchaklarning boshini turli ko‘rinishga ega bo‘lgan tillaqoshlar bezab turgan. Tillaqoshlarning mashhur bo‘lgan shakllaridan biri tilla bargak deb atalgan. U mohi tillo deb atalmish yarim oy shaklidagi shokilalar bilan uyg‘unlashtirilgan. 
Tillaqoshdagi bu turdagi shokilalar yo bir juft bo‘lib, ikki chakkani, yoki bir dona o‘rnatilib, kelinlarning peshanasini bezab turgan. Samarqand tillaqoshlari o‘zining nafis ishlanganligi bilan ajralib turgan.Naprstek nomidagi muzeyda zargarlik buyumlari to‘plami orasida XIX asrning oxirlari – XX asrning boshlarida ishlangan taqinchoqlar uchraydi. Samarqand zargarlik buyumlari to‘plami mohitillo deb ataluvchi, peshonaga taqiladigan taqinchoq, nafis ishlangan halqa va qoziq isirg‘a deb ataluvchi kichik taqinchoqdan iborat bo‘lib, ular 1891 va 1902 yillarda muzeyga kelib tushgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
 
