Kushon saltanati markazi qayer bo‘lgan?

Kushon saltanati markazi qayer bo‘lgan?

Kushonlar saltanatining dastlabki viloyatlari – xi-xeu Guyshuan (Guyshuan – tangalar va epigrafik yodgorliklarga ko‘ra «Kushon» atamasining xitoycha transkripsiyasi) joylashgan joy haqidagi murakkab savolga to‘xtalamiz.

Kushon saltanati markazi qayer bo‘lgan?

Hozirgi kunda yuyechji davrida Baqtriyada muomalada bo‘lgan turli xil tanga turlari topografiyasi to‘g‘risida ishonch bilan fikr bildirishga imkon beradigan salmoqli numizmatik materiallar to‘plangan. Kushon («Geray») tangalarining eng ko‘pi – 17 ta obollar va tetradraxmalar xazinasi Tojikistonning janubiy qismidan, Kofirnihon daryosining quyi oqimidan va Taxti Sangindagi Oks ibodatxonasida topilgan.

Baqtriyaning boshqa hududlari va boshqa joylardan esa ulardan faqat bir nechtasigina topilgan, xolos (Dilbarjin, Termiz, Qobuliston, Gandxara, Uzundara). Xolchayonda G. A. Pugachenkova tomonidan «Geraylar sulolasi» deb nomlangan haykallarning bir to‘pi topilgan bo‘lishiga qaramay, qadimgi Chag‘oniyon hududlarida, xususan, yana o‘sha G. A. Pugachenkova tomonidan taklif qilingan Guyshuan – Xodzo saltanatining poytaxti bo‘lgan Dalvarzintepa qadimgi shahri atrofidan ham Kushon («Geray») tangalarining bironta nusxasi topilmaganligi o‘ta muhim fakt sanaladi. Shu faktning o‘zi ushbu hududni Guyshuanlar saltanatining hududlari doirasidan chiqarib tashlaydi. 

Shu bilan birga, ushbu topilmalarning eng ko‘pi Janubiy Tojikistonda topilganligi ham aynan shu yerda Guyshuan (Kushon) saltanati joylashgan bo‘lganini anglatmaydi. Bu faqat ushbu tangalarning shimoliy hududlarda tarqalganini va ehtimol, guyshuan (kushon)lar saltanatining shimoldagi chegaralarini aniq ko‘rsatib beradi. Agar Kushonning o‘ta muhtasham va muqaddas sanalgan asosiy sulolaviy ibodatxonalari Surx-Ko‘tal va Rabotakda joylashganligini hisobga olsak, unda yuqori ehtimollik bilan Kushon podsholigining asoschisi tug‘ilgan joy hisoblangan, kushonlar sulolasining saltanat markazi – xi-xeu Guyshuan o‘zining ulug‘vor me’moriy inshootlari bilan muqarrar tarzda ajralib turuvchi hozirgi Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatida joylashgan bo‘lishi kerak. 

Ehtimol, ushbu ibodatxonalarni qurdirgan buyuk Kushon podshohlari Kanishka I va Xuvishka, shu ishlari bilan Kushonlar sulolasi ilk bora asos solgan ota-bobolarining vatanini abadiylashtirgan bo‘lishi mumkin. Bag‘lon Hindukush orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llar bilan Qobuliston bilan bog‘langanligini va bu yerda avval Yunon-Baqtriya shohi Germeyning hamraisi sifatida, so‘ngra yetakchisi (yabg‘u) sifatida o‘z siyosiy faoliyatini boshlagan Kushonlar sulolasi vakillaridan biri – Kujula Kadfiz yashab o‘tganligini ta’kidlash ham muhim sanaladi. 

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Kushon podsholigi: sulolalar, davlat, xalq, til, yozuv va dinlar” (36-jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.