
Bu yerda kuy va qo‘shiq ixlosmandlari jam bo‘lishgan. Shu bois choyxonachilar mijozlarni ko‘paytirish maqsadida ko‘proq xonanda va sozandalarni chorlashgan. Ko‘plab mashhur musiqachilar o‘z ijodlarini aynan choyxonadan boshlashgan. Grammofon va gramplastinkalar paydo bo‘lishi bilan choyxonachilar bunday «moʻjiza»larni albatta o‘z choyxonalarida bo‘lishini istaganlar, biroq bu bilan jonli ijro an’analari yo‘qolib ketmagan.
Musiqachilar har doim o‘z ijodlari uchun yaxshi e’tibor va sharoit izlashgan. XVI asrdan boshlab keyingi davrlarda ham musiqachilarning O‘rta Osiyodan (asosan Buxoro va Samarqanddan) Shimoliy Hindistonga – boburiylar saroyiga ko‘chishi kuzatilgan. Bu yerda musiqa san’atiga e’tibor, sharoitlar yuqori daraja bo‘lgan, umumiy muhitda bag‘rikenglik va demokratiya ko‘zga tashlangan. Shimoliy Hindistonda, xususan, O‘rta Osiyodan borib qolgan san’atkorlar yozgan musiqa haqidagi risolalarda an’anaga aylanib borgan bir hodisa – musiqa san’atining ikki asosiy tizimi – maqom va ragining uyg‘unlashuvi kuzatilgan. Kashmirda Buxoro shashmaqomi unsurlariga yaqin bo‘lgan musiqiy an’ana (sufiyona musiqiy, sufiyona qalam) shakllangan.
O‘rta asrlar so‘nggi O‘rta Osiyo uchun mumtoz musiqaning, birinchi navbatda maqomotning murakkab turlari va janrlari shakllanish davri bo‘lgan. Uning shakllanish jarayoni islom musiqa madaniyatining umumiy sivilizatsiyalashgan namunasi orqali o‘tgan. Turli hududiy an’analar (Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent) tarzida taqdim etilgan maqomot mustaqil hududiy musiqaning bir turi sifatida tan olingan va qabul qilingan. Bir tarafdan, u ko‘hna umumislom maqomot tizimi bilan bog‘liq an’analarni saqlab qolgan, boshqa tomondan Markaziy Osiyoning qadimiy xalqlari musiqasi an’analariga izchil tayangan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.