
Pardalar, ohanglar, ular bilan bog‘liq aruz vaznida bitilgan she’riy asarlar musiqaning ma’lum shakllari va janrlarida o‘z ifodasini topgan. Amaliy va ilmiy bilimlar etik-estetik qarashlar, musiqani yaratish, ijro etish hamda tinglashning me’yor va qoidalari asosida shakllangan. Bu majmuaning tizimli ilmiy bayoni Abdulqodir Marog‘iyning Samarqand va Hirotda bitilgan ilmiy asarlarida o‘z aksini topgan.
Amir Temur majlislarida haqiqiy san’at ixlosmandlari uning ijod namunalarini sidqidildan tinglashgan. Musiqani mezonlashtirish Amir Temur saltanatidagi dunyoviy hayotning umumiy yo‘nalishlari, uning mukammallik tomon intilishi, musiqiy she’riy materiallarning bir tizimga solinishida yaqqol ifodasini topgan.
Amir Temur davri professional musiqa san’ati bir-biriga bog‘liq quyidagi ikki qatlamini qamrab olgan: fanni musiqiy – musiqa san’ati (kasb-hunar sifatida) va ilmi advor – doiralar ilmi, ya’ni pardalarni, ritmik va she’riy doiralarni o‘rganish. Odatda o‘sha davrdagi shoir, sozanda, olim, hukmdor va shu kabi ma’rifatli insonlarning musiqiy bilimi darajasi tavsifi bo‘yicha bu ikki tushuncha hamisha yonma-yon yurgan, birgalikda qo‘llanilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
