Jelak qanday libosligini bilasizmi?

Qashqadaryoning O‘zbekistondagi boshqa hududlarida ham uchraydigan choponsifat ayollar kiyimi bezaklarga, turli xil iplardan tayyorlangan popuklarga boyligi bilan ajralib turgan.

Jelak qanday libosligini bilasizmi?

Ayniqsa, boshga tashlab yuriladigan jelak alohida qiziqish uyg‘otadi. Keng qilib tikilgan va yolg‘ondakam uzun yenglari bir-biriga o‘rtada qadalgan ushbu libos orqaga tashlab yurilgan. Jelak etagi tikilmagan. Negaki, Qashqadaryoning ko‘chmanchi aholisi tasavvuriga ko‘ra, jelak ayollarning serpusht bo‘lishiga yordam beradi.

Jelak old tomonining yonlari tikilgan va ramziy belgilarga ega (to‘g‘riburchak, uchburchak, qo‘y shoxi ko‘rinishidagi elementlar va hokazo) soxta yenglari qo‘yilgan. Gardan qismida aylana yulduz shaklli yirik naqsh joylashgan. Naqshning ichki qismida shunday kichik hajmli naqshlar bo‘lgan. Soxta yenglarning oxirigacha aylana shaklli, o‘simliklar tasviri bilan bezatilgan shunday naqshlar tikilgan. Soxta yenglarning pastki qismi iroqi usulidagi jiyaklar bilan bezatilgan. 

Jelakning old etagini bezashda «hayot daraxti» motivi, aylana shaklli qadama bezaklari mavjud astari qora matodan tayyorlangan, uchidamunchoqli popuklari bo‘lgan jiyakdan foydalanilgan. Yopinchiqlar bezaklari tarkibiy qismi libos egasining qaysi urug‘ga mansubligini belgilaydigan tamg‘a tasvirini o‘z ichiga olgan.

Boshqa o‘zbek milliy liboslari haqidagi ma’lumotlarni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston muzeylari va xususiy Kolleksiyalari materiallari bo‘yicha an’anaviy o‘zbek liboslari” (XLIX jild, 2-qism) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.