O‘zbekistonning qaysi hududi zardo‘zlikda nom qozongan?

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

O‘zbekistonning qaysi hududi zardo‘zlikda nom qozongan?

Zardo‘zlik – Buxoroda rivoj topgan hunarning shahar va saroy turidir.

O‘zbekistonning qaysi hududi zardo‘zlikda nom qozongan?

DSM ushbu texnikada bajarilgan erkak va ayol choponlari, bolalar kiyimi, ro‘mollar va boshqa buyumlarning noyob kolleksiyasini to‘pladi.

Zardo‘zlik san’atining ravnaqi XIX asr oxiri—XX asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, XIX asrning ikkinchi yarmida Buxoro amirining saroyi qoshida zardo‘zlik ustaxonasi bo‘lib, unda faqat erkaklar ishlagan. Tilla va kumush iplar bilan ular saroy a’yonlarining kiyimlari – chopon, erkaklar belbog‘i, poyabzalini bezatar edilar. Ayollar kiyimida zar iplar bilan peshonaband, sarandoz, ro‘mollar (boshga o‘raladigan ro‘mol yoki yopinchiqlar), kultapo‘shak (turmushga chiqqan ayolning bosh kiyimi), kurta (ko‘ylak), zoxi-kurta (ko‘ylak yoqasini o‘rab turgan zar tikilgan tasma), kaltacha (ayollarning ustki choponi), do‘ppi, poychazardo‘zi (ayollar lozimi), maxsi (yumshoq tagcharmli baxmal yoki movut etikchalar) bezatilgan.

Zardo‘zlik mayda maishiy buyumlar: pul, choy, muhr solinadigan xaltachalar, pichoq qinlarini bezatish uchun qo‘llanilgan. Ot anjomlarining alohida qismlari hashamdor qilib bezatilgan: zinpo‘sh (jabduq), davri (yopqich), yolpo‘sh (egar uchun yopinchiq), shuningdek joynamoz va taxmonpo‘shlar.

Zardo‘zlik buyumlari va kiyimlarni ishlab chiqarish uchun baxmal yoki kimxob kabi qalin matolar ishlatilgan. Shuningdek adras, olacha, atlasdan ham foydalanishlari mumkin edi. Avval bo‘lajak mahsulot bichib olinar edi, so‘ngra chizmachi tasdiqlangan naqshlarni chizar va faqat shundan so‘nggina zardo‘zlar ishga tushar edilar. Kompozisiyalar bir necha turga bo‘linar edi: zardo‘zi-zamindo‘zi – fonni naqsh bilan yaxlit tikish, zardo‘zi-guldo‘zi – qog‘ozdan qirqib olingan andaza yordamida tarqoq naqshlarni tikish, zardo‘zi-guldo‘zi-zamindo‘zi – tikishning aralash texnikasi, zardo‘zi-pulakchado‘zi – tangachalar bilan qo‘shilgan holda zar yoki kumush iplar bilan tikish. 

Zardo‘zlik san’atida o‘simlik xususiyatli naqshlar, kam hollarda geometrik naqshlar ustun keladi. Asosiy mavzu bo‘lib to‘pbarggul, palmettkalar, tuplar, daraxtlar, novdalar, gul solingan guldonlar, bodom, anor hisoblangan.

Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi to‘plami” (XIII jild) kitob-albomidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.