“Turkiston to‘plami”: o‘tmishning noyob to‘plami tadqiqoti

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

“Turkiston to‘plami”: o‘tmishning noyob to‘plami tadqiqoti

«Turkiston to‘plami» (to‘liq nomi «Umumiy O‘rta Osiyoga, xususan, Turkiston o‘lkasiga tegishli bo‘lgan maqola va asarlarning Turkiston to‘plami») – 1867 – 1917 yillarda rus va xorijiy tillarda O‘rta Osiyo, xususan, Turkiston haqida Rossiya va chet ellarda chop etilgan kitoblar, jurnal va gazetalar maqolalari, tarixiy ocherklar, statistik tadqiqotlar, safar kundaliklari va qaydlari, illyustratsiyalar, tarhlar, fotosuratlar, xaritalar va boshqa turli bosma materiallardan tuzilgan noyob jamlanmadir.

“Turkiston to‘plami”: o‘tmishning noyob to‘plami tadqiqoti

To‘plam ramziy maʼnoda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan tengdosh hisoblanadi. Uni tayyorlash ishlari Turkiston o‘lkasi general-gubernatori K.P. fon Kaufman tashabbusiga ko‘ra, Sankt-Peterburgda taniqli bibliograf V.I. Mejov (1830 – 1894) tomonidan boshlangan, u mazkur ish bilan 1867 yildan 1887 yilgacha shug‘ullangan. 

Dastlab to‘plam Turkiston o‘lkasi hayotiga oid turli xil maʼlumotlar bilan tanishish, mintaqaning tabiiy va iqtisodiy salohiyati, boyliklari, xom ashyo manbalari, kasb-hunarlari va boshqalarni aniqlash hamda umumlashtirish maqsadida tuzilgan. Keyinchalik u noyob bibliografik, tarixiy, badiiy, ilmiy adabiy manbalar to‘plamiga aylangan. 

Mazmunan juda boy va xilma-xil bo‘lgan to‘plam sahifalari nafaqat Turkiston general-gubernatorligi (1867 – 1917) hududi bilan bog‘liq qimmatbaho materiallar, balki butun O‘rta Osiyo, jumladan, Buxoro amirligi, Xiva xonligi, ularning Eron, Afg‘oniston, Sharqiy Turkiston (Xitoy), Hindiston, Mo‘g‘uliston, Rossiya bilan aloqalari haqidagi maʼlumotlarni ham o‘z ichiga olgan. 

Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning nodir nashrlar bo‘limida saqlanayotgan “Turkiston to‘plami” hali ham XIX-asr – XX-asr boshlaridagi nodir tarixiy manba, mintaqamizning ma’naviy merosi bo‘lib qolmoqda. 

Uning barcha 594 jildlari ehtiyotkorlik bilan saqlanadi. Unda o‘sha davrning ichki va tashqi siyosati, geosiyosiy ahvoli, Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlar xalqlarining iqtisodiyoti, tarixi va madaniyati haqida qimmatli ma’lumotlar to‘plangani bois o‘zbekistonlik va xorijiy mutaxassislar to‘plamdagi materiallarni katta qiziqish bilan o‘rganishni davom ettirmoqda.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasining qo'lyozma va kitob merosi” kitob-albomida (XLI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.