O‘zbekistondagi kulolchilik maktablari

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

O‘zbekistondagi kulolchilik maktablari

Kulolchilik – O‘zbekiston amaliy sanʼatining eng qadimgi turlaridan biri.

Anʼanaviy jihatdan u idish-tovoq va meʼmoriy kulolchilik yo‘nalishida rivoj topib kelgan. Meʼmoriy kulolchilik o‘z taraqqiyot cho‘qqisiga XIV – XV asrlarda – Amir Temur va temuriylar hukmronligi davrida erishgan. Sopol buyumlar bo‘yoqlarining ko‘p qo‘llangan birikmasi oq va zangori edi. Bezaklar orasida geometrik va gulli naqshlar ustunlik qilgan. Chirmashma o‘simliklar ko‘rinishidagi naqshni ilohiy ijodning cheksizligi belgisi o‘rnida qabul qilish mumkin. 

Germaniyadagi Saksoniya Davlat etnografiya to‘plamlari (SES) 2004 yili Leypsig, Drezden va Xernxutdagi uchta etnologiya muzeyining ko‘rgazmalaridan yig‘ilgan. Uch muzeyning hammasi ashyolar yig‘ish bo‘yicha o‘z anʼanasiga ega bo‘lib, bu ularning tarixiga ham mutanosib keladi. Leypsigda diqqat markazida kulolchilik tursa, Drezdenda to‘qimachilik shunday ahamiyatga ega. Xernxutga kelsak, uning kichkina to‘plamida O‘zbekistonga oid ashyolardan bir nechta bor, xolos. Hozirda bor o‘zbek to‘plamining katta qismi leypsiglik rassom Gerd Tilemann tomonidan yig‘ilgan. 

Gerd Tilemann 2002 yilda O‘zbekistonga keldi. U kulolchilik holatini oldingi kuzatuvlari bilan taqqosladi: «O‘zbekiston 1991 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyin, bozor iqtisodiyoti anʼanaviy hunarmandchilikka ham katta taʼsir o‘tkazdi. Sayyohlik markazlari, do‘konlar, masjidlar, eski savdo uylariga yana hayot qaytib keldi. Kulollarning yangi avlodi ajdodlarning asriy anʼanalarini saqlash barobarida, o‘z mahsulotlarini yaratishda yangicha qo‘shimchalar kiritishmoqda. Hunarmandlarning uyushmalarini tashkil qilishmoqda, milliy va xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishmoqda. Milliy anʼanalar rivojlanmoqda». 

O‘zbekistonda uchta kulolchilik maktabi bor: Farg‘ona (markazlari – Rishton, Andijon, G‘urumsaroy), Buxoro-Samarqand (markazlari – Samarqand, G‘ijduvon, Urgut, Shahrisabz, Denov, O‘ba) va Xorazm (markazlari – Madir, Xonqa, Kattabog‘). Maktab va markazlarning har biri bezak va rang tusiga ko‘ra ajralib turadi. Agar G‘ijduvon va Shahrisabzda idish naqshi mo‘yqalam bilan solinsa, Urgut va Denovda o‘ymachilik usuli qo‘llaniladi. Buxoro-Samarqand maktabi idishlari bilangina emas, balki kichik o‘lchovli sopol haykaltaroshligi bilan ham mashhurdir. O‘ziga xosligi shundaki, qo‘rg‘oshin sirdan foydalanilishi bilan bog‘liqdir. Ushbu maktab bo‘yoqlarida jigarrang va yashil-sariq, bezagida esa o‘simliksimon naqshlar (yaproqlar, gullar) ustunlik qiladi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

O‘zbekistondagi kulolchilik maktablari