Samarqand Qur'oni sayohati

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

Samarqand Qur'oni sayohati

Din tarixi davlat muzeyining to‘plami islom diniga eʼtiqod qiluvchi o‘zbek xalqining hayot tarzini ko‘rsatib beruvchi buyumlarni o‘z ichiga oladi.

Samarqand Qur'oni sayohati

«Usmon Qurʼoni» nomi bilan mashhur bo‘lgan, kufiyda bitilgan «Samarqand Qurʼoni»ni, taʼbir joiz bo‘lsa, ushbu to‘plamning durdonasi deyish mumkin.

Usmon Qurʼoni taxminan VIII asrning birinchi choragida ko‘chirilgan eng birinchi Qurʼon nusxalaridan biri hisoblanib, u xalifa Usmonning qoni tomgan Qurʼon sifatida musulmonlarning alohida eʼtiboridadir. Aynan ushbu xalifaning buyrug‘i bilan Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarga tushirilgan Qurʼonning turli qog‘ozlardagi matnlari bitta kitobga yig‘ilgan hamda xalifalikning barcha hududlariga yetkazilgan. Turli talqinlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun boshqa nusxalar yo‘qotilgan. Bir fitna oqibatida xalifa Usmon o‘ldiriladi va o‘sha paytda uning qo‘lida bo‘lgan Qurʼonga qoni tomadi.

1869 yilda mazkur Usmon Qurʼoni Samarqanddagi Xoja Ahror masjididan Sankt-Peterburgning Imperatorlik ommaviy kutubxonasiga olib kelinadi. Turkiston general-adyutanti fon Kaufmanning qaydnomalarida bu mashhur muqaddas kitob nusxasining kelib chiqishi shunday taʼriflanadi: «Bu Qurʼon kitobi Amir Temur kutubxonasining eng yaxshi bezagi hisoblangan va Samarqandga uning o‘zi olib kelgan». Uni Rossiyaning eng nomdor arabshunoslari o‘rganib chiqqanlar va hijriy II asrga oid ekanligini tasdiqlaganlar.

1905 yilda bu Usmon Qurʼonining faksimile nashri tayyorlangan (50 nusxa tayyorlanib, ularning 25 tasi sotuvga chiqarilgan). Bu faksimile nusxa 1960 yillarning oxirlarida muzeyda Islom va Sharq xalqlarining vijdon erkinligi bo‘limi ko‘rgazmasiga qo‘yilgan. 1917 yilda Rossiya hukumati Usmon Qurʼonini Ufadagi O‘lka musulmonlar qurultoyiga bergan, u yerdan keyinroq Toshkentga, so‘ngra Samarqandga olib kelingan. 1941 yildan boshlab u O‘zbekiston Xalqlari tarixi muzeyida saqlangan. 1980 yillarning oxirida bu Usmon Qurʼoni O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar idorasiga berilgan. Hozirgi kunda bu tarixiy qo‘lyozma Toshkentdagi Mo‘yi Muborak madrasasida, Xasti Imom majmuasida saqlanadi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Din tarixi Davlat Muzeyi to‘plami" kitob-albomida ( XII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.