Dominikan monastiridan o'g'irlangan Avitsenna qo'lyozmasi

QANDAY QILIB BUTUNJAHON JAMIYATIGA DO‘ST BO‘LISH MUMKIN?

Dominikan monastiridan o'g'irlangan Avitsenna qo'lyozmasi

№ 2197 qadimiy qo‘lyozmasi Ibn Sino “Qonun”i butun matnining ivrit (yahudiy) tiliga tarjima qilingan yagona saqlanib qolgan qo‘lyozma nusxasi hisoblanadi.

Tarjima 1279 yilda Rimda Natan xa-Meati tomonidan amalga oshirilgan. Bizgacha “Qonun”ning qariyb 100 ta ivrit tilidagi qo‘lyozmasi saqlanib qolgan; ularning aksariyati rasmlar bilan bezatilmagan, biroq ularning soni o‘sha davrda yahudiylar tibbiyoti uchun kitobning naqadar muhimligini ifodalaydi. Italiyada kech O‘rta asrlar davrida yahudiylar va nasroniylar madaniyati uyg‘un bo‘lgan, bu badiiy didning g‘alabasi sifatida ivrit tilidagi kitoblarning eksklyuziv va boy bezatilishiga olib keldi. 

XV asrda Ispaniya va Italiyada Ibn Sinoning “Qonun” asari tarjimalarining bir necha nusxalari rasmlar bilan bezatildi, biroq ularning hech biri Bolonyada saqlanayotgan nusxa bilan tenglasha olmaydi: qo‘lyozma boshqalardan boy bezaklari va ajoyib miniatyuralari bilan ajralib turadi. Shu bilan birga qo‘lyozmaning ushbu sifatlari uni ivrit tilidagi eng muhim dunyoviy kitobga aylantiradi. 

Ayni paytda bu Italiya madaniyati va o‘rta asr Yevropasida yahudiylar tibbiyotining yuqori qiymati va rolini aks ettiruvchi o‘sha davr hayotining jonli guvohidir. Bolonya qo‘lyozmasi XV asrning ikkinchi yarmiga taalluqli bo‘lib, shimoliy Italiyada ko‘chirilgan. 

Qo‘lyozma 40 × 27 sm formatdagi 532 ta pergament qog‘ozini o‘z ichiga oladi. Matn mashhur Rashi yozuvi kabi Italiya qiya bosma harfida yozilgan. XVI asrda jildlangan, metall bezaklari va charm bog‘ichlari bor, saxtiyon teridan qo‘l mehnatida ishlangan. Nusxa Isxak ben Obadiax ben David de Forli tomonidan ko‘chirilgan. Qo‘lyozma avval xususiy mulk egasiga tegishli bo‘lgan, keyinchalik Dominikan monastirining kutubxonasi tomonidan sotib olingan. XVIII asr oxirida Napoleon qo‘shinlari tomonidan o‘g‘irlangan va Fransiyaga olib kelingan. Imperator taslim bo‘lganidan so‘ng u Bolonya Pop kutubxonasiga qaytarilgan (hozirgi kunda u Universitet kutubxonasi hisoblanadi). 
 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston madaniy merosi Italiya to‘plamlarida” kitob-albomida (XXXII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.

Dominikan monastiridan o'g'irlangan Avitsenna qo'lyozmasi