Allohning "go‘zal ismlari"ni qayerda o‘qish mumkin?

2005 yilgi masjid ta’miri davrida shimoliy kirish eshigi ustida samarqandlik xattot A. Ergashev tomonidan Qur’oni karimdan oyat yozilgan.

Bu yangi yozuv harflari oq rangda ko‘k va feruzarang fonda bitilgan. Ziyoratxona ichidagi masjid eshigining yuqori qismida nasx xatida Qur’oni karimdagi «Hijr» surasining 46-oyati bitilgan. Biroq yozuv uslubi yuqori saviyada emas. 

Alloh taborak va taolo aytdi: «U [yer]ga sog‘-salomat, tinch-omon kiringiz!». 
Buyuk Alloh rost so‘zladi. 

Ikki yon tomonida suls xatida

 «Alloh ulug‘ligi ulug‘ bo‘lsin» va – «Muhammad, unga Allohning salomi bo‘lsin», – kalimalari bitilgan.

Masjid eshigi ustidagi hoshiyada kufiy xatida mazkur usta tomonidan Allohning go‘zal ismlari (al-Asma al-husna) bitilgan. 

U Alloh, Undan boshqa iloh yo‘q, U mehribon, rahmli, podshoh, nuqsonlardan xoli, ofat va balolardan salomat, omonlikda saqlovchi va omonlik beruvchi, egallab, qoplab oluvchi, izzat va qudrat sohibi, bandalari ishini isloh etuvchi, kattalik, kibr yarashuvchi zot, yaratuvchi, xalq etuvchi, maxluqot va mavjudotlarga suvrat va shakl beruvchi, barchani bo‘ysundiruvchi, o‘z ne’matlarini tekin ato etuvchi, barcha tirik mavjudot rizqini yetkazib beruvchi, rahmat xazinalarini ochuvchi, dono va ilmu hikmat sohibi, xohlagan bandasi rizqini qirquvchi, jonlarni qabz etuvchi [oluvchi], xohlagan bandasiga to‘kin rizq beruvchi, ruh baxsh etuvchi, kofirlar martabasini tushiruvchi, mo‘minlar martabasini ko‘taruvchi, xohlagan bandasini aziz, qadrli qilguvchi,xohlagan bandasini xor qiluvchi, maxfiy va oshkora gap va sharpalarni, hatto, dildan o‘tganini ham eshituvchi, hamma maxfiy va oshkora narsalarni ko‘ruvchi, qat’iy va o‘ta adolatli hukm chiqaruvchi, bandalariga sezdirmay o‘z lutfu ehsonini yetkazib beruvchi, hamma maxfiy va oshkora ishlardan xabardor, jazolashga shoshilmaydigan, hilm bilan yaxshilik qilib turuvchi, ulug‘, buyuk, katta, gunohlarni yashirib, jazo bermay turuvchi, oz ishga ko‘p mukofot beruvchi, oliy martabali, ulkan, hamma sohada yuqori, o‘z panohida saqlaguvchi, moddiy va ma’naviy qut beruvchi, har bir ishga o‘zi kifoya qiluvchi zot. 

Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Allohning "go‘zal ismlari"ni qayerda o‘qish mumkin?