Ziyoratxonaning pastida bir necha katta-kichik xonali chillaxona qurilgan.
Ziyoratxona XI asrdagi binoning o‘rniga yangidan bunyod etilgan. Yangi bino XIV asrning 30-yillarida qurilgan. Gumbazning ichki qismi va devorlarning tepalariga o‘ymakor sirli koshin qoplangan. Devorning gumbaz qo‘yilgan sakkiz yoqli qismi janubi-g‘arbiy tomonida o‘simlik nusxa naqsh orasida 735 [1334 – 1335] yil s anasi yozib qo‘yilgan.
1959 – 1960 yillarda o‘zbekistonlik ustalar ziyoratxonaning tashqi gumbazini qadimgi nusxasidek qilib qayta tiklashadi. Ziyoratxona devorining yuqori qismiga qachonlardir ganch suvoq ustiga tabiiy bo‘yoqlar bilan naqsh solingan. Turli vaqtlarda amalga oshirilgan naqshlar uch qavat bo‘lib ketgan ekan. Mutaxassislarning fikricha, uslubi jihatidan bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan bu naqshlar XIV, XV hamda XIX asrlarda ishlangan.
Ziyoratxona devorlarining quyi qismiga XV asrda olti qirrali havo rang plitalar qoplab, izora qilingan ekan. Plitaning o‘rtasida koshinkor medalon chizilgan. Ziyoratxona ichidagi janubiy devorning yog‘och panjarasi orqali go‘rxonadagi Qusam ibn Abbos dahmasini ko‘rish mumkin.
Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.

