Bumiller to‘plamidagi qosh bo‘yashda foydalanilgan o‘smadon

Bumiller to‘plamidagi qosh bo‘yashda foydalanilgan o‘smadon

Bumiller to‘plami yoki Bamberg universiteti islom sanʼati muzeyi sifatida katta nom qozongan – mo‘g‘ullar davrigacha badiiy birinjlarning mashhur to‘plami ashyolar boyligi va rang-barangligi bo‘yicha tengsizdir.

Bumiller to‘plamidagi qosh bo‘yashda foydalanilgan o‘smadon

Mazkur to‘plamda IX asrdan boshlab XIII asr boshlarigacha Xuroson va Movarounnahrda muomalada bo‘lgan birinj va jez buyumlarning barcha turlari o‘ta to‘laqonli ravishda gavdalangandir. Faxriy senator Manfred Bumiller Islom sanʼati yodgorliklari to‘plamini yig‘ishni 1980 yili boshlagan. Bumiller to‘plamida o‘rta asrlar suluvlari tomonidan upa-eliklarni saqlash va qo‘llashda ishlatilgan o‘nlab jajji idishlar bor. 

Ulardan, chamasi qosh bo‘yashda foydalanilgan bir idish Budrach shahristoni yuzasidan tasodifan qo‘lga kiritilgan topilmalardan biriga to‘la o‘xshashdir. Har ikkisida ham o‘simlik shaklidagi tutqich va yonboshlarida jimjimador bo‘rtiq bor; ularning yuzasi esa o‘rtasi botiqli (nuqtali) aylanalar bilan bezatilgan. 

Agar Bumiller to‘plamidagi idishda bezak qavariq, yaʼni ashyo quyib olingan qolip o‘yiqli bo‘lsa, Budrach nusxasidagi o‘ymalar u quyib olingach ishlangan. Shu turdagi idishlarni qo‘llash uslubi quyidagichadir: shu kunlargacha ham O‘zbekistonda ayollar qosh bo‘yash uchun o‘sma suvini ishlatadi.

Buning uchun o‘smaning uzib olingan barglarini biroz so‘ldirib, so‘ng ularni ezish yo‘li bilan suvini biron-bir uncha chuqur bo‘lmagan idishga siqib chiqaradilar (masalan, to‘nkarilgan piyolaning tubiga). So‘ng yupqa paxtani ingichka cho‘pga o‘rab, ayollar va qizlar o‘sma suvini, ko‘pincha qosh o‘rtasini ham ulagan tarzda surtadilar.  O‘smaning qurib va qorayib borgan suvi qoshlarga qoraga yaqin tus beradi, Sharq go‘zallariga esa tengsiz husn bag‘ishlaydi. O‘sma suvi qoshni bo‘yabgina qolmay, uning qalin bo‘lishi, o‘sishiga ham yordam beradi, degan ishonch ham bor. 

Bizningcha, upa-elik idishining eʼlon qilinayotgan shakli uni qo‘llash uslubiga juda ham mos keladi: kichik idishga o‘sma suvi siqib chiqarilgan, tarnovchasimon uzun burunchasiga esa qosh bo‘yashga mo‘ljallangan lo‘pchik qo‘yilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.