
Faxriy senator Manfred Bumiller Islom sanʼati yodgorliklari to‘plamini yig‘ishni 1980 yili boshlagan.
Bumiller to‘plamiga Xuroson va Movarounnahrning mo‘g‘ullargacha bo‘lgan badiiy metall buyumlari uzoq davr ichida birdek sanalgan va o‘zaro ajratilmagan. Badiiy metallni o‘rganishda arxeologiya qazilmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, ular butun dunyo bo‘ylab o‘nlab muzey va xususiy to‘plamlarda yig‘ilgan va “Xurosondan” deb eʼtirof qilinadigan ashyolarning kelib chiqish joyini ishonchliroq aniqlash imkonini beradi. Shu maʼnoda, Chag‘oniyon o‘lkasining o‘rta asrlardagi xuddi shu nomdagi poytaxti xarobalari – Budrach shahristonida 1987 yili topilgan birinj buyumlarining dafinasi katta yangilik bo‘lgan.
Noksimon tana va tumshuqsimon burunli quyma ko‘zalar Movarounnahr buyumlarigagina xos turlardan biridir. Boshqa ko‘zalar bilan adashtirib yuborish mumkin bo‘lmagan mazkur o‘ziga xoslikdan tashqari, ularning ko‘pchiligining yuzasiga usta Ahmad nomi kufiy yozuvda o‘yib tushirilgani bilan alohida ajralib turadi. Mutaxassislar orasida mazkur ko‘zalarning aynan qayerda yasalgani borasida yagona fikr yo‘q.
Usta Ahmad guruhiga kiruvchi 40 ta ko‘za maʼlum bo‘lib, Bumiller to‘plamida ular beshtani tashkil etadi. Aftidan, bitta muzey yoki xususiy to‘plam nuqtai nazaridan olganda, bu eng katta miqdordir. Ulardan ikkitasi juda yaxshi saqlangan bo‘lib, guruhga xos bo‘lgan belgilarning barchasi to‘g‘risida tasavvur tug‘dira oladi. Ulardan birining tanasida o‘yiqlardan tashqari, turunj va «Amali Ahmad» yozuvi ham bor. Ikkinchi ko‘za, o‘yiqlardan tashqari, tanasining yuqori qismi o‘simliksimon naqshlar bilan to‘ldirilgan o‘yma uchburchaklar bilan bezatilgan. Bezatishning ushbu yo‘li anʼanaviy bezaklarga o‘ziga xos qo‘shimcha bo‘lgani holda, usta Ahmad yoki uning shogirdlari yoxud izdoshlarning ijodiy izlanishlaridan darak beradi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
