_1.webp)
Faxriy senator Manfred Bumiller Islom sanʼati yodgorliklari to‘plamini yig‘ishni 1980 yili boshlagan.
Muzey boshdanoq qo‘lga kiritgan buyumlardan biri bu birinj hovonchadir. Yuzasining ayrim joylari qattiq nuraganiga qaramay, uning yuqori qismini bezab turgan pog‘onali kungura shaklidagi bo‘rtiq naqsh, hech bir ikkilanmay uni Chag‘oniyonda ishlangan mahsulot turiga kiritishga asos bo‘la oladi. Aynan o‘sha yerda, Budrach dafinasi ichida mazkur turkumdagi 27 ta hovoncha topilgan. Hovonchalar o‘rta asr uy-ro‘zg‘orining zaruratlaridan sanalgan. Shuningdek, ular dorixona ishida va hunarmandchilikning turli yo‘nalishlarida ham faol qo‘llanilgan.
Noksimon tana va tumshuqsimon burunli quyma ko‘zalar Movarounnahr buyumlarigagina xos turlardan biridir. Boshqa ko‘zalar bilan adashtirib yuborish mumkin bo‘lmagan mazkur o‘ziga xoslikdan tashqari, ularning ko‘pchiligining yuzasiga usta Ahmad nomi kufiy yozuvda o‘yib tushirilgani bilan alohida ajralib turadi. Mutaxassislar orasida mazkur ko‘zalarning aynan qayerda yasalgani borasida yagona fikr yo‘q.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
