Frаnsiya elchisi «Me’rojnomа»ni qаnchаgа sotib olgаn?

Frаnsiya elchisi «Me’rojnomа»ni qаnchаgа sotib olgаn?

Maʼlumki, Fransiya Qirollari kutubxonasi Fransuz inqilobidan keyin Fransiya Milliy kutubxonasi (Bibliothèque nationale de France)ga aylantirilgan.

U hozirgi kunda, Markaziy Osiyoning nodir qo‘lyozmalari to‘plangan dastlabki Yevropa kutubxonalaridan biri hisoblanadi.

Movarounnahrning ilk bezakli qo‘lyozmalaridan biri Fransiya elchisi Deni Delaye-Ventle tomonidan 1653 yillar atrofida Istanbulda sotib olingan. Mazkur ziynatlangan nodir kitob Saʼdiyning «Bo‘ston» asaridir. Ushbu asar hozir FMKda Persan 257 raqami ostida saqlanadi.

Dastlab Fransiya qiroli Lyudovik XIV ning moliyaviy ishlar nazoratchisi bo‘lgan mashhur Nikolya Fukening (1615—1680) mashhur kutubxonasida saqlangan. 1667 yilda juda boy, biroq omadsiz nazoratchi qamoqqa mahkum qilingach, mazkur qo‘lyozma qirol kutubxonasiga olib kelinadi. Bir necha yil o‘tib, yana Istanbulda dunyoga mashhur sharqshunos, «Ming bir kecha» ertaklarining tarjimoni va ilk kashshoflaridan biri, fransuz elchisining o‘sha paytdagi yosh kotibi Аntuan Gallan (1646—1715) kitob do‘konida uyg‘ur yozuvidagi «Meʼrojnoma»ning ajoyib qo‘lyozmasiga ko‘zi tushadi va uni usmoniylarning 25 qurush puli bahosida sotib oladi.

Mazkur nodir qo‘lyozma usmoniylar poytaxtidagi Fransiya elchisi Ole-de-Nuantel tomonidan qirol Lyudovik XIV ning vaziri va yirik kitob kollektsiyachisi Kolberga jo‘natilgan. Gallan qo‘lyozmani o‘rganishni boshlagan bo‘lsa-da, faqatgina 1882—1889 yillarga kelib, qo‘lyozma turkshunos Pave-de-Kurteyl tomonidan to‘liq o‘rganildi. 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi «Movarounnahr bеzakli qo‘lyozmalari Fransiya to‘plamlarida» kitob-albomida (XXIX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.