Qadimgi O‘zbekiston musiqa madaniyatining sinkretik xususiyatlari

Qadimgi O‘zbekiston musiqa madaniyatining sinkretik xususiyatlari

Ancha keyin islom madaniyati tufayli o‘zgarishlarga duchor bo‘lgan yunon ta’siri O‘rta Osiyo xalqlari hayotida muayyan musiqiy rivoyat va afsonalarda (ilk musiqiy asbob va musiqa fani asoschilari Pifagor, Aflotun, Arastu haqida), turli jonli tasvirlar va solishtirmalarda saqlanib qolgan.

Qadimgi O‘zbekiston musiqa madaniyatining sinkretik xususiyatlari

IX – XI asrlarda musiqa borasidagi qadimiy meros Forobiy, Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Faxriddin Roziy va boshqa musulmon olimlari tomonidan tadqiq etilgan. Qadimgi yunon olimlarining musiqiy risolalari arab tiliga o‘girilgan, ulardagi ma’lumotlar musiqa haqidagi ilmiy ishlarda qo‘llanilgan. Ular Sharqda musiqiy-nazariy va nafis fikrlarning rivojiga ta’sir ko‘rsatganlar.

O‘rta Osiyo arablar tomonidan bosib olingunga qadar VIII asrning ikkinchi yarmigacha yirik tarixiy-madaniy hududlar – So‘g‘d, Baqtriya –Tohariston, Xorazm, Farg‘ona, Choch va Ustrushonada mahalliy xalqlarning musiqiy madaniyati rivojlangan edi. Har bir viloyatning madaniyati o‘z xususiyatlariga ega bo‘lgan. Shu bilan birga bu san’at o‘z yagona mintaqaviy qiyofasini saqlab qololgan. Bunday o‘ziga xoslik cholg‘ularda, ijro uslublarida, ansambllarning turlarida, ijrochi va shu kabilarda yaqqol ko‘rinadi. Bu tafovutlar mazkur tarixiy-madaniy viloyatlarning nafaqat ko‘pincha turli davlat tuzilmalari tarkibida bo‘lishgani, balki mintaqada uzoq vaqt yagona din hukmron bo‘lmagani uchun ham saqlanib qolgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida zardushtiylik, nasroniylik, yahudiylik, shuningdek, turli mahalliy diniy ta’limotlar hukm surgan. Har bir dinning o‘z tartib-qoidalari, taqiqlari va hatto o‘z musiqasi bo‘lgan. Odamlar qaysi dinga e’tiqod qilsa, shu dinning arkonlariga asosan musiqani o‘zicha tushungan va qabul qilgan.

Masalan, Ayritom frizi Budda timsollari bilan bog‘liq bo‘lsa ham, undagi ayol musiqachilar mahalliy ma’budalar timsolida aks ettirilgan, ular ijrosidagi raqslar ham marosim xususiyatiga ega bo‘lgan.

Barcha tarixiy-madaniy hududlarda dunyoviy musiqa an’analari hukmdorlar saroyi va zodagonlar xonadonida eng yuqori darajaga ko‘tarilgan. Musiqa mayxo‘rlik va raqs bilan o‘tadigan bazmlarning ajralmas qismiga aylangan. Bolaliktepa, Afrosiyob, Tuproqqal’a shaharlari devor suratlarida, qadimgi idish-tovoqlarda va boshqa tarixiy ashyolardagi «Dabdabali ziyofat» bilan bog‘liq tasvirlar musiqa xursandchilik, baxt va sururning yaqqol timsoli bo‘lganini ko‘rsatadi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.