Muzey ekspozisiyasida qadimgi san’atning ilk namunalari — olis o‘tmishda qadimgi Baqtriyaning bir qismi hisoblangan Surxondaryo viloyati Denov shahri yonidagi Xolchayon ko‘hna shahrida topilgan loydan yasalgan haykallardir.
Atoqli arxitektor va san’atshunos G. A. Pugachenkova tomonidan tashkil etilgan va ko‘p yillar davomida rahbarlik qilgan O‘zbekiston san’atshunoslik ekspedisiyasi (O‘zSanE) xodimlari 1959 – 1963 yillar davomida Xolchayonda Kushon hukmdorlarining saroyini o‘rgangan. Saroyning qabullar zali va ayvoni navqiron sulolaning harbiy g‘alabalari va salobat mavqei shuhratini yoyish, uning namoyandalarini ham Baqtriya yerlari uchun shafqatsiz janglarda, ham ulug‘ zafarlar munosabati bilan o‘tkazilgan bayramona qabullarda ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan haykaltaroshlik naqshlari bilan bezatilgan edi.
Muzeyda zal va ayvonni bezab turgan 32 ta haykaltaroshlik asari namoyishga qo‘yilgan. Ularda saroyning haykaltaroshlik kompozisiyasi personajlarining butun rang-barangligi aks etgan: hukmdor va uning turmush o‘rtog‘i, dushmandan qo‘lga kiritilgan harbiy o‘lja– yarog‘-aslaha bilan muzaffar shahzoda, ma’budlar haykali – sulola homiylari, asirga olingan harbiylar, shuningdek bayramona bazm ishtirokchilari – Parfiya shahzodasi, saroy ayollari, musiqachilar va gul ko‘tarib yuruvchi o‘g‘il bolalar.
Xolchayon haykaltaroshligini ochish, o‘rganish, tarixiy-madaniy jihatdan sharhlash va materiallarni e’lon qilish xizmati G. A. Pugachenkovaga, shuningdek arxeologlar va restavratorlar jamoasiga tegishli bo‘lib, ularning loydan yasalgan yuzlab nozik parchalarini topish va saqlab qolish bo‘yicha og‘ir mehnatini ilmiy jasorat deyish mumkin1. Ular tufayli olam loyda o‘z ifodasini topgan va Budda qonun-qoidalarining qat’iy doiralari bilan cheklanmagan Kushon san’atining ilk namunalarini ko‘rdi. Xolchayon topilmalarining aynan shu xususiyati butun dunyoda mutaxassislarning haqiqiy qiziqishini uyg‘otdi.
Puxta ikonografik tahlil G. A. Pugachenkovaga xolchayonlik haykaltaroshlik portretlarni tangalardagi Kushon hukmdori «Geray/Sanab/Kushon» ning tasvirlari bilan solishtirishga va haykaltaroshlikda aks ettirilgan hukmron urug‘ vakillarini gerayzodalar deb nomlashga imkon berdi. U portret san’atining ellinistik an’analarini mahalliy estetik talablar va lokal monumental targ‘ibot ehtiyojlariga moslashishini kasb etgan asarlarning badiiy uslubini batafsil tavsiflab bergan.
Saroyning relyef naqshlarida Afina va Gerakl ham aks etgan. Qiyofasi bir qadar «varvarlashtirilganiga» qaramay yunon panteonining ushbu personajlarini tanish mumkin bo‘ladi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, yunon ma’budlari va qahramonlarining ikonografiyasi mahalliy ma’budlarning qiyofasini aks ettirish uchun asta-sekin moslashtirilgan edi. Masalan, zardushtiylik dini ma’budasi Rishto/Arshtat tasvirlari keyinchalik Kushon tangalarida uchraydi, lekin ikonografiya bo‘yicha bu – Afina.
Kuchli Gerakl qiyofasida zardushtiylik dini ma’budlaridan biri Veretragnani ifodalash boshlangan, u yovuz kuchlarni yenggan botir va mardlik timsoli edi. Vaqt o‘tishi bilan, taxminan miloddan avvalgi 130 yillarda Baqtriyaga yuejchilar kelganidan miloddan keyingi I asr o‘rtalarida Xolchayon naqshlari yaratilguncha, ya’ni taxminan 180 yil ichida Xitoy chegaralari dan kelgan ko‘chmanchilarning ideologiyasi sezilarli darajada o‘zgargan. Ular ulug‘ Kushon tangalardagi tasvirlarga ko‘ra, mahalliy zardushtiylik dini panteonini qabul qildilar. Shuning uchun Geray sulolasi ma’budi — homiysi sifatida tushuniladigan xolchayonlik Afina va Geraklda bevosita yunon ma’budlarini emas, balki ellinlashtirilgan qiyofada ifodalangan mahalliy ma’budlarni ko‘rish kerak.
Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi to‘plami” (XIII jild) kitob-albomidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.



