Unda fond ashyolarini bino yerto‘lasida saqlash nazarda tutilgan, pastki qavat esa majlislar zali, kiyimxona va badiiy salon uchun mo‘ljallangan. Tomoshabinlar foye orqali yop-yorug‘ ichki hovliga o‘tadilar va u yerda o‘zbek me’morchiligi namunalaridan bahramand bo‘lishadi. Shu joydan marmar zinalar orqali 56 ta zalda asosiy ekspozisiyalar o‘rin olgan ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qavatlarga ko‘tarilish mumkin.
Muzey yangi binosining tantanali ochilishi 1974 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tdi. O‘sha vaqtdan buyon muzey ushbu binoda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Tashrif buyuruvchilar bu yerda qadimiy go‘zal san’at asarlari, turli mamlakatlarning amaliy-san’at namunalarini, rus va Gʻarbiy Yevropa musavvirlarining ishlari bilan tanishishlari mumkin. Respublikada tasviriy san’atning shakllanishi va rivojlanishini o‘zida aks ettirgan o‘zbekistonlik mo‘yqalam ustalarining asarlari ham namoyish etilgan. Ular orasida J. Umarbekov, B. Jalolov, A. Mirzayev, D. Ro‘ziboyev, A. Nur, M. Isanov, A. Turdiyev kabi taniqli rassomlarning ijod namunalari joy olgan. Musavvirlarning polotnolarida 1990 yillardagi o‘zbek san’atining asl namunalari aks ettirilgan.
Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi to‘plami” (XIII jild) kitob-albomidan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.
