
Birinchi guruhning rasmli qo‘lyozmalari orasida Navoiyning uchta qiziqarli asari – inv. №№ 5802, 7463 va 2197 (h. 954/mil. 1574-1575 yillar) va Jomiyning «Yusuf va Zulayho» (inv. № 9597) asarlari bor. Uslub jihatdan birinchi ikkita qo‘lyozmaning miniatyuralari ba’zan XVI asrning ikkinchi choragidagi Tabriz yoki Sheroz maktablari bilan bog‘langan guruhga tegishli.
Navoiyning o‘zbek tilida yozganini hisobga olsak, ehtimol bu miniatyuralar turkiy tilda gaplashgan safaviylar Eroni va Ozarboyjon miniatyura san’atining buyuk markazi hisoblanmish – Tabriz shahrida, Shoh Taxmasp rahnamoligida yaratilgan. Biroq biz bu yerda Sheroz maktabi miniatyurachilarining ijod namunalari borligini ham inkor etmaymiz. Inv. № 5802 va № 7463 raqamli qo‘lyozmalardagi miniatyuralar tajribali musavvirlar tomonidan yaratilgan.
Suratlar an’anaviy – ov, chavgon, bog‘dagi ziyofatlar, kamondan o‘q uzish singari mavzularga bag‘ishlangan. Rasm yaxshi chizilgan, ranglar yorqin, odamlar va otlarning harakatlari mutlaqo tabiiy. Ularning uslubi XVI asrning Tabriz va Sheroz maktablari miniatyuralariga o‘xshash, biroq eng yaxshi namunalariga o‘xshamaydi. Barcha miniatyuralar rassomlarning bitta qo‘lyozmadan ikkinchisiga ko‘chirilgan sxemalariga muvofiq amalga oshirilgan. Masalan, Navoiyning inv. № 5802 sonli qo‘lyozmasida kamondan o‘q otish musobaqasi kompozisiyasiga ko‘ra Keyre-15 kolleksiyasidagi miniatyuralar, har ikkala qo‘lyozmadagi ov sahnasini Britaniya muzeyidagi 1523 yilda yozilgan «Zafarnoma»dagi o‘xshash sahna bilan solishtirish mumkin.
Shunga o‘xshash kompozisiyalarni inv. № 2197 sonli nusxada ham uchratamiz. Inv. № 9597 raqamli qo‘lyozmadagi miniatyuralar o‘rtamiyona rassom tomonidan ishlangan. Kompozisiyalar bir qancha ko‘rinishga ega va me’moriy bezagi quruq talqinda qilingan. Bu Safaviylar miniatyura maktabidagi birinchi darajali ras-omlarning asarlari bilan birgalikda ishlangan hunarmandchilik buyumlarining namunalaridan biridir. Inv. № 7463 raqamli qo‘lyozmadagi miniatyuralarni Hirot bilan bog‘lash balki mantiqiy bo‘lmas, chunki ularning tarkibi, xususiyati va umumiy ikonografiyasi birinchi guruhga xos.
Kiyim va bosh kiyimlari tasviri Jomiyning h. 940/mil. 1533-1534 yillardagi «Yusuf va Zulayho» va Amir Xusrav Dehlaviyning h. 943/ mil. 1537 yildagi «Devon»i (ikkala nusxasi Parijdagi Milliy kutubxona to‘plamida), Hofizning h. 931/1524-1525 yillardagi «Go‘yi chavgon»i (Chavgon to‘pi) va h. 939/mil. 1532 yildagi «Devon»idagi (Sharqshunoslik institutida) liboslar tasviri bilan bir xil. «Gʻaroyib us-sig‘ar» (Bolalik ajoyibotlari) miniatyuralariga yaqin deb faraz qiladigan bo‘lsak, ular 1620 yoki 1630-yillarga to‘g‘ri keladi, deyish mumkin. Miniatyuralar yaxshi saqlanib qolgan, ammo ularda yuqori malakali rassomlarga xos yuksak mahorat yetishmaydi.
Davomi bor.
Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi (XXV jild), “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.

