XIX – XX asrlarga mansub yodgorliklar badiiy faoliyatning kitobat va xattotlik, gilamlar va to‘qimachilik sanʼatining boshqa turlari singari ayrim yo‘nalishlarni ifoda etadi.
1925 yili muzey Rossiya to‘plamidan Samarqandda yasalgan 16 ta butun sopol idish va idishlarning 100 dan ortiq bo‘laklarini sotib olgan. 1930-yillar oxirida Berlin etnologiya muzeyidan minglab sopol bo‘laklar solingan qutilar yetib kelgan. Ular 1907 yili Turkistonga borgan Villi Rikmer Rikmers (1873 – 1965) tomonidan qo‘lga kiritilgan (Rikmers etnologiya to‘plamining asosiy tarkibi hanuzgacha Etnologiya muzeyida saqlanmoqda).
Mazkur ashyolarning katta qismi Samarqand shahrining qadimgi qismi – Afrosiyob xarobalaridan topilgan. Sopol idishlar siniqlarining bir qismini esa 1876 – 1905 yillarda Qirollik etnografiya muzeyi mudiri Adolf Bastian (1826 – 1905) sotib olgan. Ushbu idishlar va bo‘laklar orasida temuriylar davriga oid namunalar ham bo‘lsada, ularning katta qismi O‘zbekiston tarixida shukuhi jihatidan kam bo‘lmagan ilgarigi – somoniylar va ular o‘rniga kelgan keyingi sulolalar davriga taalluqli edi. Ulkan miqdordagi bu topilmalarni birlamchi tasniflash va tartibga solishni Kurt Erdmann amalga oshirgan va ulardan ayrimlarini Ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar eʼlon ham qilgan. Bundan keyingi tashkiliy ishlar va ayrim maqolalar urushdan keyingi vaqtga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, 1970 yillar oxiridan boshlab to‘plam boshqa etnologiya muzeylaridagi arxeologiya ashyolaridan iborat yangi kirimlar – butun va bo‘laklangan idish, meʼmoriy bezak namunalari evaziga to‘lib borgan. 2014 yildan boshlab mazkur katta to‘plam bo‘yicha ilmiy ishlar Bamberg universiteti va Shtutgartdagi Linden muzeyi bilan hamkorlik loyihasi doirasida olib borilmoqda.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.


