Shu yili Xivadagi ikkita muzeyga 36 000 ga yaqin kishi tashrif buyurgan, jami 195 ta ekskursiya tashkillashtirilgan. Bu davrga kelib, Xiva inqilobi (1917–1929 yillar) qatnashchilari, shuningdek o‘sha voqea guvohlari muzeyda jamoatchilik asosida ishlaganlar.
Ikkinchi jahon urushi yillarida muzey jamoasi aholi o‘rtasida va ishlab chiqarish obyektlarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishgan, frontga yuborish uchun pul, oziq-ovqat, issiq kiyim-kechaklar to‘plashda faollik ko‘rsatganlar.
1960 yilda esa Xivada O‘lkashunoslik muzeyi ochilgan. Shunday qilib, Xivadagi muzeylarning umumiy soni uchtaga, eksponatlar soni 12 mingtaga yetgan.
Keyinchalik 1967 yil 30 noyabr O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti Qarori bilan Xiva shahrining qadimgi qismi qo‘riqxona deb eʼlon qilingan. SSSR Ministrlar Sovetining 1969 yil 21 iyuldagi qaroriga ko‘ra muzey-qo‘riqxona bilan birlashtirilib, Xiva davlat “Ichan-Qalʼa” tarixiy-meʼmoriy muzey-qo‘riqxonasi tashkil qilingan.
Bu voqea o‘z navbatida muzeyning kelgusida katta ilmiy dargohga aylanishi uchun zamin yaratdi va muzey xodimlarining oldiga meʼmoriy obidalarni saqlash, taʼmirlash, yangi muzeylar ochish, aholi qo‘lida bo‘lgan nodir buyumlarni to‘plash, ilmiy jihatdan o‘rganish, targ‘ib qilish va kelgusi avlodga asl holicha yetkazish kabi masʼuliyatlarni qo‘ydi.
Batafsil "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, 47- jild, “Ichan-Qalʼa” davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plami» kitob-albomi o‘qishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.
“Ichan-qalʼa” muzey-qo‘riqxonasi tarixini bilasizmi?
Xivada 1920 yilda ilk muzey tashkil qilingan bo‘lsa, 1939 yilda Nurullaboy saroyida «Inqilob tarixi» muzeyi ochilgan.