Solih ibn Nasrulloh ibn Sallumning «Al-Kitob fi-t-tibb al-jadid al-kimiyo al-laziy ixtiro Barokilsus» (Paratsels ixtiro qilgan yangi kimyoviy davolash haqidagi kitob) Yevropa tabobati bo‘yicha Sharq tilidagi kamyob asar bo‘lib, taniqli shveysariyalik tabib, iatroximiya (tibbiy kimyo)ning asoschisi Filipp Aureliy Teofrast Paratsels (1493 – 1541) qalamiga mansub, XIX asrda ko‘chirilgan arab tiliga tarjimasi 3 ta qo‘lyozmada yetib kelgan. Hindistonda Boburiylar sulolasi hukmronligi davrida (1526 – 1858) tarixiy, adabiy va turli ilmiy asarlar bilan bir qatorda ko‘plab tibbiy mazmundagi katta-kichik kitoblar ham yozilgan.
Jumladan, fondda Arzoniy taxallusi bilan tanilgan hindistonlik yirik tabib Muhammad Akbarning (vafoti 1718 yildan keyin) “Mizon-i-tibb” (Tib mezoni) asarining 6 ta nusxasi hamda Dehli hukmdori Muhyiddin Avrangzeb Olamgir I ga (1658 – 1707) atalgan «Tibbi Akbar» (Akbar tabobati)ning 9 ta nusxasi mavjud. So‘nggi asar Nafis al-Kermoniyning arab tilidagi «Sharh «al-asbob va-l-alomat» (Sabablar va belgilarning sharhi)ning forscha to‘ldirilgan tarjimasi bo‘lib, uning ayrim nusxalari xattotlik va sahhoflik sanʼatining nafis namunalaridir.
Umumiy tabobatga doir asarlar ichida XVII – XX asr Markaziy Osiyo va Xuroson tabiblari qalamiga mansub taʼliflarning nodir nusxalari ham bor. Shoir va tabib Bositxon ibn Zohidxon Shoshiyning (1878 – 1959) «Qonun al-mabsut» (Kengaytirilgan qonun) nomli asari qo‘lyozmasi shular jumlasidandir. Bu kitob eng yangi davrda anʼanaviy Sharq tabobati uslubida yozilgan kamyob asardir. Uning muallif akasi Hamidxon Shoshiy tomonidan tayyorlangan muxtasar shakli ham bor.
Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to’plami” kitob-albomida (XXII jild) (2-qismda) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.
_1.webp)

