Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning umumiy tabobat bo‘yicha asar nusxalari

Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning umumiy tabobat bo‘yicha asar nusxalari

Sharqshunoslik institutiga 1957 yilda o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) nomi berildi. Hozirgi paytda mazkur xazinada bir necha jamg‘armalar bor.

Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning (980 – 1037) umumiy tabobat bo‘yicha uchta asari nusxalari mavjud. Bular: arab va fors tilida rajaz uslubida yozilgan sheʼriy «Urjuza fi-t-tibb» (Tib bo‘yicha urjuza)ning XIX asrda ko‘chirilgan; Ibn Sinoga tib bo‘yicha berilgan 15 ta savol va unga allomaning javoblaridan iborat «Masoil al-maʼduda» (Hisobli masalalar)ning XVIII asr nusxasi; muallifni butun jahonga tanitgan «Al-Qonun fi-t-tibb» (Tib qonunlari) nomli arab tilidagi tibbiy ensiklopediya. 

Bu asarning 7 ta nusxasi bo‘lib, shulardan 2 tasi to‘liq: 1309 yilga tegishlisi hamda XVII asrda kitobat qilingan ziynatli, uch jildlik qo‘lyozma. “Qonun” paydo bo‘lganidan so‘ng tez orada butun musulmon Sharqi bo‘ylab tarqaldi va XII asrdan boshlab unga sharhlar yozildi, turli hajmdagi qisqartma va saylanmalar yaratildi. Institut fondida ham “Qonun”ning turli davrlarda qilingan tahrirlari, arab tilidagi sharhlari bor. Ularning eng qadimiysi XIII asr qo‘lyozmasida yetib kelgan, nomaʼlum muallifning «Sharh mushkilot al-Qonun» (Qonun qiyin yerlarining sharhi) bo‘lib, unda Qonun birinchi kitobining (nazariy) dastlabki 2 bo‘limi sharhlangan. “Qonun”ga tuzilgan eng to‘liq sharhlardan biri mashhur faylasuf va astronom Nasiriddin at-Tusiyning (1201 – 1274) shogirdi Qutbiddin Mahmud Sheroziyning «At- Tuhfat as-Saʼdiya fi-t-tibb» (Tib bo‘yicha Saʼd tuhfasi) asaridir. Bu sharhning XIV va XVIII asrlarda ko‘chirilgan to‘liq nusxalari va XVII asrga mansub kichik parchasi bor.

“Qonun”ning muxtasarlari o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan tabiblari tomonidan yaratilgan. Xususan, xazina- da Ibn an-Nafis nomi bilan mashhur Alouddin Ali al-Qarshiyning «Muʼjaz al-Qonun» (Qisqartirilgan qonun) asarining XVII – XIX asrlarga mansub 4 ta to‘liq va 2 ta parcha nusxalari mavjud. Shuningdek, “Qonun”dagi asosiy masalalarning qisqacha saylanmasi Mahmud ibn Muhammad al-Chag‘miniyning “Al-Qonuncha” asarida berilgan. 

U ancha keng tarqalgan bo‘lib, xazinada 11 ta arabiy va 1 ta o‘zbekcha nusxasi saqlanadi, shulardan qadimiysi 1572 yilda ko‘chirilgan/ Yuqorida aytilganlardan tashqari “Qonun”ning sharhlariga XIV – XVI asrlarda bitilgan arabiy sharhlar ham bor.

Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to’plami” kitob-albomida (XXII jild) (2-qismda) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning umumiy tabobat bo‘yicha asar nusxalari
Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning umumiy tabobat bo‘yicha asar nusxalari