Unga 1957 yilda o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973 – 1048) nomi berildi. Hozirgi paytda mazkur xazinada bir necha jamg‘armalar bor.
Boburiylar sulolasiga xizmat qilgan ikki tabib – Yusuf ibn Muhammad Yusufiy va Muhammad Akbarning nazariy masalalarga oid asarlariga qiyosiy tadqiqot obyekti sifatida qarash mumkin. Yusufiyning 6 nusxada mavjud «Sitta-i zaruriya» (Olti zarur narsa) risolasining 1798 yil Kashmirda ko‘chirilgan qo‘lyozmasi ziynatli bo‘lib, Yusufiy taʼlif etgan boshqa asarlarning badiiy ishlangan nusxalari bilan bir jildga kiritilgan. Muhammad Akbarning «Mufarrih alqulub» (Qalblar quvonchi) asari esa yuqorida zikr qilingan Mahmud al-Chag‘miniyning arab tilidagi “Al-Qonuncha” asariga fors tilida yozilgan sharhdir. U avvali 1725 yilda ko‘chirilgan 8 ta nusxada saqlanadi.
Tibga oid katta amaliy qo‘llanma va ensiklopediyalarda tomir diagnostikasiga alohida bo‘limlar ajratilgan, bu usulni yaxshi o‘zlashtirgan va amalda ko‘p qo‘llagan tabiblar esa alohida risolalar ham yozishgan. Shunday asarlardan biri mashhur hind shayxi Farididdin Shakarganjning shogirdi Darvish Muhammad Hakim Kilasobodiyning «Miftoh al-hikma» (Hikmat kaliti) asaridir. Risola fors tilida, nazmda (muqaddima va xotima nasrda) yozilgan, xazinada uning XIX asrda ko‘chirilgan 2 ta nusxasi saqlanadi. Bundan tashqari yana Yusuf ibn Muhammadning «Daloil an-nabz» (Tomir ko‘rsatkichlari) nomli risolasining 6 ta nusxasi ham mavjud; Samarqanddagi Shayboniy hukmdorlarining xos tabibi Muhammad Yusuf Kahholning «Risola dar tahqiqi nabz va tafsira» (Bemorning tomir urishi va peshobi haqida risola)sining nodir, XVII asrga mansub nusxasi bor. Keyingi asar Sulton Saidxonga (1567 – 1572) bag‘ishlangan bo‘lib, hozircha faqat Sharqshunoslik instituti nusxasi maʼlum.
Nodir qo‘lyozmalar jumlasiga arab tilidagi 2 ta asar, yaʼni Isʼhoq ibn Sulaymon al-Isroiliyning (932 yil tug‘ilgan) «Kitob al-humayot» (Isitmalar haqidagi kitob)ining 1215 yilgi nusxasi hamda Abdurrahmon an-Nishoburiyning (vafoti 1068 yildan keyin) «Sharh fusul al-Buqrot» (Gippokrat aforizmlariga sharh) nomli asarining 1292 yil nusxasini qo‘shish mumkin.
Mavzu doirasida batafsil: “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to’plami” kitob-albomida (XXII jild) (2-qismda) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.


