Tuman Aqo maqbarasidagi yozuvlar nimani anglatadi?

Tuman Aqo maqbarasidagi yozuvlar nimani anglatadi?

Maqbaraning ravoqlari bo‘ylab oq rangda go‘zal suls xatida masjidga borilganda aytiladigan va namozdan keyin o‘qiladigan duolar bitilgan.

Bularni Rasululloh (s. a. v.) o‘qib yurganlari haqida Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziylarning «Sahih» kitoblarida rivoyat qilingan1. Matn qisman shikastlangan bo‘lgan. 2005 yili ta’mirlash paytida saqlangan yozuvlar asosida bitiklar qayta tiklangan. Yozuvni plitkalarga tushirish va montaj qilish ishlari buxorolik Abdulhakim Razzoqov eskizlari asosida amalga oshirilgan. Ammo yozuv uslubi – asliyatdan farq qiladi. Matndagi tiklangan bitiklar to‘rtburchak qavsga olindi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan [boshlayman]. Allohim, qalbimizga nur ber, qabrimizga nur ber, qulog‘imizga nur ber, ko‘zimizga nur ber, payimizga nur ber, go‘shtimizga nur ber, o‘ng tomonimizga nur ber, chap tomonimizga nur ber, o‘zimizga nur ber!

Allohim, o‘ng tomonimizdan nur ber, chap tomonimizdan nur ber, ortimizdan nur ber, oldimizdan nur ber, ustimizdan nur ber, ostimizdan nur ber. Allohim bizga nur ber va bizdagi nurni ulkan et.

Allohim, bizni mag‘firat qil, bizga rahm et, bizni hidoyatga boshla, ofiyat etib, rizqlantirgin!

Yuqorida keltirib o‘tilgan yozuvning yuqori qismida sariq rangda kufiy xatida (zeru zabarsiz) uchta duo va bir tasbeh bitilgan. Ammo bu 2005 yildagi ta’mir ishlari jarayonida to‘laligicha yangidan bitilgani uchun eski matndan butunlay farq qiladi. Faqat oxirgi qismida eski matnlardan kichik bir parcha saqlangan.

Allohim, mo‘min va mo‘minalarni, musulmon erkak va ayollarni, ularning tiriklariyu vafot etganlari gunohlarini kechirgin. Sen duolarni ijobat qiluvchi, darajalarni ko‘taruvchi va hojatlarni ravo etuvchi Zotsan. Allohim, Seni zikr etishda, Senga shukr qilishda va ibodatingni go‘zal bajarishda menga yordam ber! Allohni poklab yod qilaman. Allohga maqtovlar bo‘lsin. Allohdan o‘zga iloh yo‘q.
Alloh – buyuk. Imon keltirganlar...

Peshtoqning chap tomonida suls xatida xattot va koshinkor ustaning ismi bitilgan.

Shayx Muhammad ibn Hoji Bandgironiy at-Tug‘roboziyning xati.

Memorial ansambl binolari haqida batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafikasi” turkumidan “Samarqand. Shohi-Zinda” kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Tuman Aqo maqbarasidagi yozuvlar nimani anglatadi?
Tuman Aqo maqbarasidagi yozuvlar nimani anglatadi?
Tuman Aqo maqbarasidagi yozuvlar nimani anglatadi?