Munchoqtepa nimasi bilan mashhur bo‘lgan?

Munchoqtepa nimasi bilan mashhur bo‘lgan?

Munchoqtepa hozirgi Bekobod shahridan 4,5  km sharqda, Sirdaryoning chap qirg‘og‘ida joylashgan.

Dasht hududiga chegaradosh bu qadimgi savdo va hunarmandchilik markazi eramizning boshidan o‘rta asrlargacha rivojlangan. Qalʼa taxminan 4 gektar maydonni egallagan. U bir tomoni Sirdaryoga tutash bo‘lib, to‘rtburchak shaklida qurilgan. Munchoqtepadan Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Bu yo‘l Koshg‘ardan boshlanib, Farg‘ona va Ustrushonadan o‘tib, Sug‘d – Samarqand va Buxoroga, so‘ngra janubi-g‘arbga Xuroson – Marv va Erongacha borgan. 

Yodgorlik joylashgan hudud milodiy IV asrda Sug‘ddan ajralib chiqqan Ustrushonaga tegishli bo‘lgan. U mustaqil hudud sifatida VII asrdan IX asrning oxi rigacha faoliyat ko‘rsatib, so‘ngra somoniylar va keyinroq qoraxoniylar davlatining bir qismi bo‘lib qoldi. Yodgorlikda Ikkinchi jahon urushi paytida qazishmalar olib borilgan. Tadqiqotlar davomida birinchi asrga oid materiallar topildi. Masalan, VI asrga oid qulf, XI–XIII asrlarga tegishli turar joy, sirlangan va qolip yordamida yasalgan sopol, shisha idishlar, tangalar, zargarlik buyumlari shular jumlasidan. Bu hududda kushon davriga oid sopol buyumlar ham topilgan. 

1945-yilgi tadqiqotlarda A.N. Bernshtam Munchoqtepa va uning atrofida ko‘p sonli sopol idishlar, ularning yarim tayyor mahsulotlari va chinni buyumlar zaxirasi mavjudligini qayd etgan. Munchoqtepaning o‘ziga xos xususiyati shuki, bu yerda kulrang gildan qolipli idishlar ishlab chiqarilgan. 

Buyumlarning tarkibiy qismlari quritilgandan so‘ng ular bir-biri bilan birlashtirilib, alohida tutqich va bo‘yinlar yopishtirilardi. Keyin xumdonlarda pishitilar edi. Topilgan qoliplar tuzilishiga ko‘ra ular Munchoqtepada yasalganini aytish mumkin. Qolipdan chiqqan sopol idishlar X asrdan XII–XIII asrlargacha bo‘lgan davrga taalluqlidir. Qalʼada ko‘p miqdorda turli munchoqlar topilgan. Ular shu hududda ishlab chiqarilgan. Fayansli munchoqlar – silliq va qirrali, shishadan yasalganlari ko‘zli, qora, ko‘k, oq rangda bo‘lgan. Ushbu buyumlar XII–XIV asrlarda O‘rta Osiyodan tortib shimoliy Qora dengiz hududlarida keng tarqalgan.

Batafil: "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasi, XV tom, "Davlat Ermitaji to‘plami"da o‘qishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi  – Eriell Group neft xizmatlari kompaniyasi.

Munchoqtepa nimasi bilan mashhur bo‘lgan?
Munchoqtepa nimasi bilan mashhur bo‘lgan?
Munchoqtepa nimasi bilan mashhur bo‘lgan?
Munchoqtepa nimasi bilan mashhur bo‘lgan?