Ijodkorlarga munosib shart-sharoitlar yaratish hamda sohada xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida "Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident farmoni imzolandi.
I. Asosiy maqsadlar
a) teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at hamda adabiyot kabi yo‘nalishlarda ijodiy birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash;
b) ijodkorlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki sonini 2027-yilda 20 foizga, g‘oliblar sonini 30 foizga, 2030-yilga qadar ishtirokchilar sonini 5 baravarga, g‘oliblar sonini esa 2 baravarga oshirish;
v) shoir va yozuvchilar tomonidan har yili kamida 50 ta eng sara asarlar yaratilishini, milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinishini ta’minlash;
g) ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, jumladan, har yili 1 ming nafar ijodkorni uy-joy bilan ta’minlash, 3 ming nafarini bepul davolash;
d) nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028-yilda 50 taga yetkazib, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini 25 foizga oshirish.
II. Sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarishning yangi tizimini joriy etish
Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va keng ijodkorlar jamoatchiligining madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalarni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
III. Sohani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish
Belgilansinki, 2026 yil-1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar:
(a) asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bo‘lgan subyektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mol-mulk solig‘idan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;
(b) xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulotini yaratish bilan bog‘liq faoliyati natijasida olgan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga to‘lov manbaida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.
IV. Soha vakillarining ijtimoiy ta’minotini yanada mustahkamlash
2026-yil 1-iyuldan boshlab har yili 1000 nafar uy-joyga muhtoj madaniyat, san’at va ijodiy soha vakillariga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yilsin.
V. Sohada nodavlat sektor faolligini oshirish
Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) nodavlat teatr va teatr-studiyalarning quyidagi xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi:
(i) har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajatlari;
(ii) har oyda xususiy binoni ijaraga olish xarajatlarining bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan qismi;
b) davlat madaniyat obyektlari ularning bo‘sh vaqtlarida nodavlat teatr va teatr-studiyalarga spektakl namoyish etish uchun ijara to‘lovisiz foydalanish uchun beriladi. Bunda tomosha zallari uchun talabgorlar ikkita yoki undan ko‘p bo‘lgan taqdirda, ular orasida tanlov o‘tkaziladi;
v) ushbu bandning “a” kichik bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat budjetidan qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratiladi.
VI. Kinoindustriya sohasini yanada rivojlantirish
Xususiy kinostudiyalarning mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda sohada erkinlik va raqobat muhitini shakllantirish maqsadida:
(a) Milliy kinematografiya, kinokompaniya va kinoteatrlar tarmog‘ini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengash faoliyati hamda har bir filmga maslahatchilar guruhini biriktirish amaliyoti tugatilsin;
(b) davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarning mavzusidan kelib chiqib, soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil qilib borilsin. Bunda Badiiy kengash tomonidan ma’qullangan va (yoki) ishlab chiqarishga tushirilgan loyihalarni yakunlash ushbu kengash tomonidan amalga oshiriladi va ular bo‘yicha ekspert guruhlarining xulosasini olish talab etilmaydi;
(v) “O‘zbekfilm” kinokonserni” davlat muassasasiga “milliy” maqomi berilsin hamda uning faoliyati mahalliy va xalqaro kinostudiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi kinokonsern sifatida yo‘lga qo‘yilsin;
(g) Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti nufuzini oshirish maqsadida 2027-yildan boshlab har yili 5 milliard so‘m ajratib borilishini ta’minlasin.
VII. Hududlarda madaniyat tadbirlarini tashkil etish va kitobxonlikni rivojlantirish
2026-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahar, Samarqand va Namangan viloyatlari hokimliklari huzurida madaniy tadbirlarni tashkil etish direksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilsin.
VIII. Ta’lim tizimini takomillashtirish
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 10 tadan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, tajriba tariqasida, musiqa, tasviriy san’at va texnologiya darslarini ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq “Art” o‘quv dasturi asosida takomillashtirilgan holda o‘qitish yo‘lga qo‘yilsin. Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Art” yo‘nalishlariga mos holda jihozlash xarajatlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Farmon matni bilan to'liq Prezident.uz saytida tanishish mumkin.

