UNESCO bosh qarorgohida 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Bosh konferensiyaning 43-sessiyasini tashkiliy jihatdan baholashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida taqdim etilgan hisobotda O‘zbekiston tomonidan konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy delegatlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ekspertlar tomonidan mazkur xalqaro sessiya ishtirokchilariga tashkiliy jihatdan yuksak darajada ko‘mak ko‘rsatilgani alohida taʼkidlandi.
Ushbu konferensiyani munosib darajada tashkil etish uchun zarur infratuzilma va zamonaviy texnik vositalar to‘liq taʼminlangani, sessiya dasturi va tarjima xizmatlari belgilangan xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda konferensiyaning xalqaro ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtiborini yana-da oshirishga xizmat qilgani taʼkidlandi. O‘zbekistonning UNESCOdagi vakolatxonasi tomonidan konferensiyaning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi aʼzo-davlatlar va Kotibiyat o‘rtasidagi samarali hamkorlikning amaliy natijasi ekani qayd etildi.
Uchrashuvda qator davlatlarning UNESCOdagi doimiy vakolatxonalari vakillari so‘zga chiqib, yurtimizning konferensiyani yuqori darajada tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. Shuningdek, ular ishtirokchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar sifati va anʼanaviy mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

