1995-yil 26-avgust kuni — O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

UNESCO — Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan agentligi bo‘lib, 1945-yil 16-noyabrda tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi — taʼlim, fan, madaniyat, kommunikatsiya, turizm kabi muhim sohalarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashish. Tuzilma norasmiy ravishda “BMTning aql laboratoriyasi” deb ataladi. Javoharlaʼl Neru o‘z davrida UNESCOga “insoniyat vijdoni” deya taʼrif bergan.
Bugunda ushbu tashkilotga 200 ga yaqin mamlakat aʼzo. O‘zbekiston 1993-yil 26-oktyabrda qabul qilingan.
O‘tgan davr mobaynida UNESCO bilan madaniy merosni muhofaza qilish, taʼlim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish va jamiyatda inklyuzivlikni taʼminlash kabi sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzdagi tarixiy obidalarimiz UNESCOning Jahon madaniy merosi, Navro‘z, Shoshmaqom, ko‘pkari, palov esa nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Tashkilot ko‘magida O‘zbekistonda ko‘plab tarixiy obidalar restavratsiya qilindi, ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazildi.
Joriy yil qadimiy Samarqand shahrida ilk bor UNESCOning 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim xalqaro voqelik sanaladi.

