Joriy yilning oktyabr—noyabr oyida Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi.
So‘nggi 40 yilda birinchi marta UNESCOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkazilishi belgilangan bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri kelgani bilan ham ahamiyatlidir.
Ayni kunlarda mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilmoqda. Shuningdek, davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, vazirlar va elchilar Samarqandda jam bo‘ladi.
Sessiya doirasida UNESCOning Yoshlar forumi, milliy komissiyalar yig‘ilishi, ilk bor Beruniy nomidagi O‘zbekiston-UNESCO mukofotini topshirish marosimi, muzeylarda sun’iy intellektning o‘rni bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muzeylar, madaniyat maskanlarida xalqaro ko‘rgazmalar, yangi ekspozitsiyalar namoyishi, jahon yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari, umuman, 150 dan ortiq tadbir rejalashtirilgan. “Silk Road Samarkand” majmuasi hududida matbuot markazi tashkil etiladi.

